Mahalliy

Jizzaxda profilaktika inspektori ayolga kuch ishlatganiga izoh berildi

Jizzaxda profilaktika inspektorining ayolga nisbatan kuch ishlatgani yuzasidan izoh berildi. Jizzax viloyati Forish tumanidagi "hushyorxona"da sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishi janjal qilgani, IIB xodimi qizga kuch ishlatib, uni yerga yotqizib ushlab turgani aks etgan videolar tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 5-avgust kuni soat 21:30 atrofida Forish tumani "Oqtepa" MFYdagi restoran ishchilari tomonidan IIBga chaqiruv kelib tushgan. Unda mast holatdagi bir guruh shaxslar buyurtma qilingan taomlar uchun to‘lovni amalga oshirmay, tartibbuzarlik va janjal qilayotgani aytilgan.

Voqea joyiga yetib borgan profilaktika inspektorlari va Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari jamoat tartibini saqlash vazifasini bajargan. Biroq, tartibbuzarlardan biri (muqaddam sudlangan ayol) xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, janjalni davom ettirgani sababli, belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni vaqtincha saqlash va reabilitatsiya qilish punkti – "hushyorxona"ga joylashtirilgan.

Tibbiy ko‘rik davomida ushbu fuqaroning tanasida hech qanday tan jarohati aniqlanmagan.

Keyinchalik, ushbu fuqaroning qizi "hushyorxona"ga kelib, jamoat tartibini buzgan holda xodimlarga nisbatan turli haqoratli so‘zlar ishlatib, ularga tan jarohati yetkazishga uringan.

"Xodimlar tomonidan yuzaga kelgan vaziyat qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etilib, fuqarolarga nisbatan hech qanday maxsus vositalar (qo‘l kishani, rezina tayoq, elektroshoker) qo‘llanmagan", deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holatda ishtirok etgan barchaning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

"Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlamasa, u quyidagi hollarda jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega bo‘ladi:

* jinoyatlarga va ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun;

* jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;

* ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi.

police brutalitypublic orderinvestigationjizzakhforish districtphysical forceadministrative offenselaw enforcement