Mahalliy

Jizzaxda 77 yoshli taksichini qo‘y sotib olish bahonasida yaylovga olib borib o‘ldirgan yigit 20 yilga qamaldi

Jizzaxda 77 yoshli taksichini qo‘y sotib olishni bahona qilib, yaylovga olib borib o‘ldirgan yigit 20 yilga qamaldi. Bu haqda “Daryo” sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1999-yilda Baxmal tumanida tug‘ilgan, ishsiz SH.X. mart oyi oxirida ish izlab Toshkentdan Samarqand viloyatiga yo‘l olgan. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra G‘allaorol tumanida qolib ketib, tunni ko‘chada o‘tkazgan. Tungi bedorlikdan so‘ng SH.X. tuman markazidagi taksi bekatiga kelib, 77 yoshli haydovchi J.B.ga tegishli Nexia-3 avtomobiliga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan.

Dastlab ular Samarqand tomon yo‘l olishgan. Biroq SH.X. yo‘lda haydovchining cho‘ntagida pul borligini ko‘rib, uni egallashga qaror qilgan. Shundan so‘ng J.B.ga fikri o‘zgarganini, tog‘li hududdan qo‘y sotib olishini aytib, Sharof Rashidov tumanidagi aholi yashaydigan joydan uzoq yaylovga borishni so‘ragan. Buning uchun yo‘l haqiga qo‘shimcha 40 ming so‘m berishni va’da qilgan.

Manzilga yetgach, u qo‘ylarni bog‘lash uchun kerakligini aytib, avtomobil yukxonasidan ikki bo‘lak sim olgan. Keyin J.B.ni soy tomonga boshlab borib, atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, uning jag‘iga musht bilan urgan. Kutilmagan zarbdan 77 yoshli erkak yerga yiqilgan. Shundan so‘ng SH.X. taksichining qo‘l va oyoqlarini sim bilan bog‘lab, bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Jinoyat sodir etilgach, u taksichining cho‘ntagidan 150 ming so‘m pul, Nokia 1280 telefoni va avtomobil kalitini olib, marhumning Nexia-3 avtomobilida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashovchi Sevinch ismli qiz bilan uchrashish uchun yo‘lga chiqqan. Yo‘lda mashinaga gaz quyib, pul ishlash maqsadida yo‘lovchilar olib, ularni manzillariga yetkazgan.

SH.X. Samarqand shahridan o‘tayotganda yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilib, protsessual tartibda ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudi hukmi bilan SH.X. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (“v, i” bandlari, Qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi 3-qismi (“a, g” bandlari, Bosqinchilik) va 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan aybdor deb topilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, SH.X.ning Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudining 2026-yil 21-maydagi hukmi bilan tayinlangan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qisman qo‘shilib, uzil-kesil o‘tash uchun hukmlar majmui bo‘yicha 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Namanganda 600 ming so‘mlik pul mojarosi ortidan tanishini o‘ldirgan erkak 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar berilgandi.

murderuzbekistanjizzakhimprisonmentcourt verdicttaxi drivercar theftrobbery