Mahalliy

“Jazoni ijro etish muassasalariga 9 mingdan ortiq videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan”— Bahrom Madiyorov

“Jazoni ijro etish muassasalarida 9 mingdan ortiq videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan” — Bahrom Madiyorov

O‘zbekistonning jazoni ijro etish muassasalarida 9 mingdan ortiq videokuzatuv kameralari mavjud. Bu haqda IIV Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Madiyorov 14-iyul kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Muloqot davomida ichki ishlar organlari faoliyati bo‘yicha 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berildi. Jurnalistlardan biri jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish masalasini so‘radi. Bahrom Madiyorov muassasalarda videokuzatuv mavjudligini ta'kidladi.

“Jazoni ijro etish muassasalarida 9 mingdan ortiq videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Ularning 95 foizi raqamli bo‘lib, olingan videoyozuvlar ustida ishlash imkoniyati mavjud. Yozuvlardan ma'lum jarayonlarda foydalanish mumkin. Har qanday joy videoga olinmay qolmaydi. Muassasaga kirgan har bir shaxs binoning qaysi hududida bo‘lishidan qat'iy nazar, chiqib ketguncha to‘liq videokuzatuvga olingan. Har bir lavha alohida serverlarga jamlanadi,” dedi departament rahbari.

O‘zbekistonda 49 ta jazoni ijro etish muassasasi mavjud bo‘lib, ularda jami 47 ming 432 nafar mahkum jazo o‘tamoqda.

Muloqotda Bahrom Madiyorov mahkumlarning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlari raqamlashtirilayotganini ham ta'kidladi. Unga ko‘ra, jazoni ijro etish tizimi hozirda sud, prokuratura, FHDY organlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan integratsiya qilingan.

Hozirda “D-med” tizimi bilan integratsiya jarayoni davom etmoqda. Bu jarayon yaqin 1-2 oy ichida yakunlanadi. Keyin muassasaga kelgan shaxslarda qanday kasalliklar bor yoki yo‘qligi haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lamiz, dedi u.

Bahrom Madiyorov yaqin 1-2 oy ichida yana bir dasturni ishlab chiqish jarayoni tugashini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, fuqarolar jazoni ijro etish muassasasidagi qarindoshi bilan uchrashishga qachon va qaysi vaqtda borishlarini onlayn tarzda bilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu tizimdan ro‘yxatdan o‘tgan holda foydalanish mumkin bo‘ladi.

jazoni ijro etishvideokuzatuv kameralarmahkumlarintegratsiyad-med tizimio‘zbekistonichki ishlarraqamlashtirish