Janni Infantino: “JCH-2030 tarixdagi eng yaxshisi bo‘ladi”

Janni Infantino: "JCH-2030 tarixda eng zo‘r bo‘ladi"
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino 2030-yilda Marokashda o‘tkaziladigan Jahon chempionati tarixdagi eng yaxshi musobaqa bo‘lishiga qat'iy ishonch bildirdi. Infantino bu fikrlarini 30-iyul kuni Marokashda Taxt kuni bayramida ishtirok etish uchun qilgan tashrifi chog‘ida bayon etdi.
COPE nashrining Infantino so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, u shunday degan: "Marokashliklar — o‘z milliy terma jamoasining yutuqlarini katta quvonch va ishtiyoq bilan nishonlaydigan ashaddiy futbol muxlislari. JCH-2030 shubhasiz tarixdagi eng yaxshisi bo‘ladi, chunki u barcha mamlakatlar ichida eng go‘zali bo‘lgan Marokashda o‘tkaziladi".
Ma'lumot uchun, 2030-yilgi Jahon chempionati 13-iyundan 21-iyulgacha Ispaniya, Portugaliya va Marokash davlatlarida bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnirning o‘ziga xos jihati shundaki, uning ochilish uchrashuvlariga Janubiy Amerika qit'asi vakillari — Urugvay, Argentina va Paragvay mezbonlik qiladi.

