Iyul oyida iste’mol tovarlari va xizmatlar narxi pasayishi kuzatildi
Iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,91 % ga pasayib, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 % ga

Iyul oyida iste’mol tovarlari va xizmatlar narxlarida pasayish kuzatildi.
O‘zbekistonda iyul oyida 0,1 foizlik deflyatsiya qayd etildi. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning iyul oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,1 foizga arzonlashgan.
Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 106,4 % ni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2025-yil iyul — 108,9 %) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaygan.
Iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,91 % ga pasaygan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 % ga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,5 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.
Inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida sabzi (12,6 %), uzun boshoqli guruch (6,4 %), yumaloq boshoqli guruch (6,1 %), mosh (4,2 %) va piyoz (1,7 %) narxlarining oshishi qayd etilgan.
Inflyatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida esa baqlajon (-42,8 %), bulg‘or qalampiri (-39,4 %), pomidor (-24,0 %), tarvuz (-20,3 %), kartoshka (-18,0 %), qovun (-14,5 %), shaftoli (-10,6 %), bodring (-10,6 %), sarimsoq (-10,0 %), nok (-7,1 %), uzum (-6,6 %), olma (-6,6 %), banan (-6,6 %) va tuxum (-5,0 %) narxlarining pasayishi muhim hissa qo‘shgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlaridan AI-98 va AI-100 markali benzin (10,0 %), AI-95 markali benzin (8,5 %), AI-92 markali benzin (3,9 %) narxlarining oshishi kuzatilgan.
Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida maishiy chiqindi uchun haq to‘lash (2,7 %), mobil aloqa xizmatlari (2,4 %), shahar avtobusida yo‘l haqi (1,4 %) narxlarining oshishi asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 2 milliondan ortiq narxlar qayd etilgan. Jami 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatilgan.

