Italiyada pishloq sabab 7 yil komada yotgan bola vafot etdi

**Italiyada pishloqdan zaharlanish oqibatida 7 yil komada yotgan bola hayotdan ko‘z yumdi**
Italiyada pishloq iste’moli tufayli yetti yil davomida komada bo‘lgan bola vafot etdi. Bu haqda mahalliy matbuot xabar berdi.
Voqea 2017-yilda Trento provinsiyasining Koredo shahrida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda to‘rt yoshli bola Escherichia coli (ichak tayoqchasi) bakteriyasi bilan ifloslangan xom sutdan tayyorlangan pishloqni yegan. Mahsulotni iste’mol qilgandan so‘ng, bolaning qornida kuchli og‘riq paydo bo‘lib, uning ahvoli keskin yomonlashgan.
Shifoxonada unga gemolitik-uremik sindrom tashxisi qo‘yilgan. Bu kasallik miya shikastlanishi, falaj, ko‘zi ojizlik va og‘ir epilepsiyaga olib kelgan. Natijada bola komaga tushib, yetti yil davomida o‘ziga kelmagan. Uning vafoti haqida otasi Jovanni Battista Maestri ma’lumot bergan.
Avvalroq Buyuk Britaniyada 13 yoshli o‘smir batutda sakrab yiqilishi oqibatida insult va 19 ta mikroinsultni boshdan kechirgandi. Bunga uyqu arteriyasining yorilishi sabab bo‘lgan. Shifokorlar yordami bilan o‘smirning harakat qilish qobiliyati to‘liq tiklangan, biroq u hali ham tez charchash va nutq sekinlashuvidan shikoyat qilmoqda.

