Layfstayl

Italiyada erkak soxta amfiteatr qurib, ekskursiyalar uyushtirdi

Italiyada bir kishi soxta amfiteatr qurib, yigirma yil davomida sayyohlarni aldab kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Franko Malosso ismli shaxs Vichensa provinsiyasi yaqinida o‘zi yasagan soxta bino atrofida ekskursiyalar tashkil etgan. U 5000 kvadrat metr maydonni "Berik amfiteatri" deb atagan. Malosso bu obidani 2005-yilda kuchli ko‘chki sodir bo‘lganidan keyin topib olganini da’vo qilgan. Shuningdek, u binoning milodiy IV-V asrlarda qurilganini va hatto Yuliy Sezar ham uni ko‘rganini aytib, yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan. Har bir sayyohdan ekskursiya uchun 40 yevro olgan. Ushbu soxta bino hatto Yevropa Ittifoqining rasmiy turistik dasturlariga ham kiritilgan.

Aslida esa barcha ma’lumotlar yolg‘on bo‘lib chiqqan. Yuliy Sezar bu bino qurilgani aytilgan davrdan 400 yil oldin yashagan. Eng muhimi, bu "qadimiy obida"ni Malosso 2000-yillarning boshida o‘z qo‘llari bilan qurgan.

Politsiya bu holatni sezgach, mutaxassislar va arxeologlar tekshiruv o‘tkazishgan. Kosmosdan olingan suratlardan ma’lum bo‘lishicha, Malosso tepalikni tekislab, plastik, qog‘oz va gipsdan soxta "antik" bino yasagan.

2016-yildan beri davom etgan tekshiruvlar yakunida sud firibgarni 2 yil 4 oy (28 oy) muddatga qamoq jazosiga hukm qildi. Shuningdek, u 3 ming yevro jarima to‘laydi. Provinsiya hokimiyati esa undan yana 560 ming yevro tovon puli undirmoqchi. Avvalroq Germaniyada bir o‘qituvchi 17 yil kasallik ta’tilida bo‘la turib to‘liq maosh olgani haqida xabar berilgandi.

italyfake amphitheatertourism scamarchaeological hoaxfranco malossofraudlegal judgmentvicenza