Sport

Ispaniyalik deputatlar sabab JCH-2030 mezbonlari o‘zgarishi mumkin

**Ispaniya Deputatlari Sabab JCH-2030 Mezbonligi O‘zgarishi Mumkin**

Ispaniyaning hukmron koalitsiyasiga mansub deputatlar hukumatni 2030-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatini Marokash bilan birgalikda o‘tkazish rejasidan voz kechishga chaqirdi. Bu chaqiriqqa Seuta shahridagi migratsiya inqirozi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Bu haqda EFE agentligi xabar berdi.

Rejaga ko‘ra, JCH-2030 turnirining ochilish o‘yinlari Urugvay, Paragvay va Argentinada bo‘lib o‘tishi, turnirning asosiy qismiga esa Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qilishi kutilmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashabbus Ispaniya parlamentining quyi palatasi – Deputatlar kongressida Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi bilan hukmron koalitsiyani tashkil etuvchi "Sumar" parlament guruhi tomonidan ilgari surilgan.

Deputatlar hukumatni FIFA, Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) hamda Portugaliya hukumatini 2030-yilgi Jahon chempionatining amaldagi qo‘shma mezbonlik modeli bo‘yicha maxsus qayta ko‘rib chiqish va baholash zarurati haqida xabardor qilishga chaqirgan. Shuningdek, ular Seuta chegarasida yuz bergan voqealarning turnir bilan bog‘liq inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarga qanday ta’sir ko‘rsatganini baholashni ham so‘ragan.

EFE qayd etishicha, avvalroq Portugaliya deputatlari ham shunga o‘xshash tashabbus bilan chiqib, Marokashning JCH-2030 mezbonligidagi ishtirokiga qarshi ekanliklarini bildirgan edi.

Ispaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyi oxirida qariyb 72 ming nafar noqonuniy muhojir suzib yoki Marokashdan Seutani ajratib turuvchi to‘lqin sindirgichni aylanib o‘tish orqali shahar hududiga kirishga uringan. Madrid xavfsizlikni ta’minlash maqsadida harbiylarni hududga yuborgan. Ispaniya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, kamida 75 kishi Seutaga yetib borishga urinish chog‘ida halok bo‘lgan. Marokash tomoni esa 11 nafar qurbon haqida ma’lum qilgan. Shuningdek, taxminan 70 ming nafar migrant Marokashga qaytarilgani bildirilgan.

world cupfootballhuman rightsspainmoroccomigration crisisceutahosting bid