Ispaniya bosh vazirining ukasiga 9 yil davlat lavozimida ishlash taqiqlandi

Ispaniya bosh vazirining ukasiga 9 yil davlat lavozimida ishlash taqiqlanmoqda
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning ukasi David Sanches 14-iyul kuni ma’muriy huquqbuzarlikda aybdor deb topildi. U 9 yil davomida davlat lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, David Sanches 2017-yilda Badaxos provinsiyasi hukumati tomonidan aynan uning uchun yaratilgan yuqori madaniy lavozimga tayinlangan. U bosh vazir bilan qarindoshligi tufayli ushbu tayinlovdan foyda ko‘rganlikda ayblangan. Pedro Sanches esa bu ayblovlarni siyosiy kampaniyaning bir qismi deb atagan.
Mazkur hukm so‘nggi yillarda korrupsiya bilan bog‘liq bir qator mojarolarga duch kelayotgan bosh vazir uchun yana bir siyosiy zarba bo‘ldi. Iyun oyida Pedro Sanchesning sobiq yaqin yordamchisi korrupsiya ishi bo‘yicha 24 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Shuningdek, bosh vazirning rafiqasi Begonya Gomesga nisbatan ham tergov olib borilmoqda. U byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, korrupsiya, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va noqonuniy ta’sir o‘tkazishda ayblanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Gomes uchun Madriddagi Komplutense universitetida maxsus lavozim yaratilgan. U ushbu lavozimdan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalangani ta’kidlangan. Hozirda Gomesga mamlakatni tark etish taqiqlangan, ehtiyot chorasi sifatida u pasportini topshirgan.
Badaxos sudi David Sanchesga musiqa konservatoriyalarini boshqarish bo‘yicha berilgan lavozim “hech qanday ma’muriy ehtiyojsiz tashkil etilgani” va “shaxsiy manfaatlarga xizmat qilgani”ni aniqladi.
“Sudlanuvchilar muayyan shaxs manfaati uchun hokimiyat vakolatlarini qo‘pol ravishda va o‘zboshimchalik bilan suiiste’mol qilgan”, deyiladi sud qarorida.
Ushbu lavozimlardan biri keyinchalik David Sanchesning operaga bo‘lgan qiziqishiga moslashtirish uchun o‘zgartirilgani ham qayd etilgan. Sudlanuvchi qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatiga ega.

