Islomiy bank faoliyatiga o‘tishning yangi tartibi belgilandi
O‘zbekistonda banklar va mikromoliya tashkilotlarini islomiy bank faoliyatiga o‘tkazish tartibi rasman belgilandi. Adliya vazirligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan yangi nizom kredit tashkilotlarining islomiy moliya tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmlarini nazarda tutadi.

Islomiy bank faoliyatiga o‘tishning yangi tartibi tasdiqlandi.
Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Ushbu yangi hujjat O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Nizomga ko‘ra, endilikda mikromoliya tashkilotini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga, bunday mikromoliya bankini esa islomiy bankka aylantirish tartibi belgilandi. Shuningdek, islomiy mikromoliya bankini qayta mikromoliya tashkilotiga yoki islomiy bankni islomiy mikromoliya bankiga o‘zgartirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, an’anaviy banklar ham o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bank sifatida qayta tashkil etishi mumkin. Bunda islomiy bank maqomini olish uchun qonunchilikda belgilangan talab va tartiblarga rioya qilinishi shart.
Shu bilan birga, nizomda faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankigina islomiy bank maqomiga o‘tish huquqiga ega ekani qayd etilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tegishli litsenziyalarni olish uchun uning binolarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qurilish normalari va qoidalariga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilgani haqida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi ham talab etiladi.

