“Ippodrom”, “O‘rikzor”, “Qo‘yliq”, “Aviasozlar” va “Farhod” bozorlari va ularning shoxobchalari xususiy investorlarga sotiladi
Toshkentdagi 'Chilonzor buyum bozori', 'O‘rikzor', 'Qo‘yliq', 'Aviasozlar' va 'Farhod' kabi qator bozorlar va savdo komplekslari xususiy investorlarga sotiladi. Ular o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda ko‘ngilochar markazlari, shuningdek, ko‘p qavatli avtoturargohlar barpo etiladi.

“Ippodrom”, “O‘rikzor”, “Qo‘yliq”, “Aviasozlar” va “Farhod” bozorlari xususiy investorlarga sotiladi.
Toshkent shahridagi bir qator bozorlar va ularning shoxobchalari ommaviy savdoga chiqariladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27-iyulda imzolagan “Toshkent shahrini 2026−2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish hamda aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlari qarorlari asosida bir qator bozorlar, savdo komplekslari va ularning shoxobchalari ommaviy savdolarga qo‘yiladi.
Qarorga ilova qilingan ro‘yxatda “Chilonzor buyum bozori”, “O‘rikzor savdo kompleksi” hamda “Qo‘yliq”, “Aviasozlar” va “Farhod” dehqon bozorlari, shuningdek, Sergeli avtomobil bozori ham mavjud.
Ushbu obyektlarni sotuvga tayyorlash va savdolarni tashkil etishda “Toshkent invest kompaniyasi” buyurtmachi etib belgilandi. Kompaniya bozor va savdo komplekslarini tayyor biznes loyihasi shaklida savdoga chiqaradi. Buning uchun master rejalar Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishlab chiqiladi.
Hujjatga muvofiq, sotuvga qo‘yiladigan bozor va savdo komplekslari o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari, ko‘ngilochar majmualar hamda ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etish sharti qo‘yiladi.
Shuningdek, ayrim yer uchastkalari va munitsipal ko‘chmas mulk obyektlari “Toshkent invest kompaniyasi”ga ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga berilishi mumkin. Kompaniya ushbu hududlarda tayyor obyektlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish hamda ularni elektron onlayn-auksion orqali sotish huquqiga ega bo‘ladi.
Qarorda mazkur loyihalarni amalga oshirish orqali shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xususiy investitsiyalarni jalb etish va savdo-servis sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil mart oyi oxirida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish, xususan, bozorlarni boshqarishda hokimliklarning majburiy ishtirokini bekor qilish bo‘yicha rejalar muhokama qilingan edi. Hozirda respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli.
Dekabr oyida Xitoyning Sheng Ke-International kompaniyasi Toshkent shahridagi 1,83 gektar maydondagi mulk va “Askiya” bozori hududi bo‘yicha savdolar g‘olibi bo‘ldi. Ikki qatnashchi ishtirokidagi auksion 15 daqiqa davom etdi va 225,59 mlrd so‘mlik bitta stavkadan so‘ng yakunlandi.
Toshkent shahridagi Yunusobod bozori o‘rnida ham ekobozor, savdo markazi, ofislar, yerosti avtoturargohi, tomida restoranlar va yashil hudud mavjud bo‘lgan uch qavatli majmua qurilishi reja qilingan.
Bundan tashqari, 2025-yil aprelda Mirobod tumanidagi “Beshqo‘rg‘on” bozori (“Risovыy” nomi bilan mashhur) filialining bino va inshootlari kimoshdi savdosiga qo‘yilgan edi. Uning o‘rnida ekobozor, do‘konlar, kinoteatrlar, bolalar maydonchalari, fitnes va biznes markazidan iborat 6 qavatli savdo majmuasini qurish reja qilinmoqda.

