Dunyo

Indoneziyada 271 kishi boʻlgan parom dengizda yonib ketdi (video)

Indoneziyada 2-avgust kuni 271 kishini olib ketayotgan parom dengizda alangaga burkandi. BBC rasmiylarga tayanib xabar berishicha, ushbu fojiali hodisa natijasida 5 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 41 kishi esa bedarak yo‘qolgan.

Kema Surabayadan Makasarga yo‘l olgan edi. Madura oroli yaqinida yong‘in boshlangach, kema kapitani zudlik bilan xabar bergan. Surabayaning qidiruv va qutqaruv bo‘limiga KMP Mutiara Sentosa 2 yo‘lovchi kemasining yonayotgani haqidagi ma’lumot soat 08:24 da kelib tushgan, ammo yong‘in taxminan ertalabki soat 06:00 dan 07:00 gacha bo‘lgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Keyinchalik Milliy qidiruv va qutqaruv agentligi (Basarnas) paromning “deyarli butunlay alanga ichida qolgani”ni tasdiqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 225 kishi qutqarilgan. Basarnasning ta’kidlashicha, “qidiruv-qutqaruv operatsiyasi hamon davom etmoqda”.

Paromning qanday yonib ketgani hozircha noma’lum, biroq hodisa ertalabki soatlarda yuz bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yo‘lovchilarning dengizga sakrayotgani va qutqaruv nimchasidagi odamlar aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, 18-iyul kuni Gayana qirg‘oqlarida 116 nafar yo‘lovchi va 17 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan MV Barima paromi cho‘kib ketgan edi. Ushbu parom 300 dan ortiq yo‘lovchini sig‘dira oladigan litsenziyaga ega bo‘lishiga qaramay, hodisa sodir bo‘lgan paytda o‘z og‘irligi doirasida bo‘lgan. O‘shanda 72 kishi halok bo‘lgan edi.

qurbonlarqutqaruv operatsiyasiindoneziyaparom yong'inidengiz falokatibedarak yo'qolganlarkemada yong'inyo'lovchi kemasi