Texnologiya

Illyuminator o‘rniga ekran: JetZero noodatiy samolyot ishlab chiqmoqda

Ekranlar bilan jihozlangan derazasiz samolyot: JetZero noodatiy loyihani amalga oshirmoqda

JetZero kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan derazasiz JetZero Z4 yo‘lovchi samolyoti 2030-yillarning boshida tijorat parvozlarini boshlashi mumkin. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya o‘zining birinchi zavodini qurish uchun 3 milliard dollar miqdorida kredit olgan.

JetZero Z4 samolyotining qanotlari va fyuzelyaji yagona aerodinamik konstruksiyani tashkil etadi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, bu dizayn zamonaviy laynerlarga nisbatan kamroq yoqilg‘i sarflash va balandroq parvoz qilish imkonini beradi. Bu esa chiptalar narxini va zararli chiqindilarni kamaytirishga yordam berishi mumkin.

Samolyot odatdagi laynerlarga qaraganda kengroq bo‘lib, 250 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Salonda alohida o‘rindiqlar va har bir yo‘lovchi uchun shaxsiy bagaj javoni bo‘ladi.

Loyihaning eng g‘ayrioddiy jihati shundaki, salonning katta qismida illyuminatorlar bo‘lmaydi. Ularning o‘rniga tashqi manzarani aks ettiruvchi yuqori aniqlikdagi ekranlar o‘rnatiladi. Samolyot iqtisod va premium klass o‘rinlari hamda Starlink Wi-Fi tarmog‘i bilan jihozlanadi.

Biroq mutaxassislar yangi dizayn yuzasidan ayrim xavotirlarni ham bildirmoqda. Ularning fikricha, qanotlar yaqinidagi o‘rindiqlarda o‘tirgan yo‘lovchilar burilish vaqtida kuchliroq yuklamani his qilishi, salondagi to‘rtta yo‘lak esa favqulodda vaziyatlarda evakuatsiyani murakkablashtirishi mumkin.

Rejaga ko‘ra, samolyotning ilk to‘liq o‘lchamdagi prototipi 2027-yil oxirida sinov parvozini amalga oshiradi, tijorat qatnovlari esa 2030-yillar boshida boshlanishi kutilmoqda.

jetzero zfuel efficiencycommercial aviationaerospace innovationblended wing bodywindowless aircraftaircraft designpassenger experience