Texnologiya

“Fuqaro aviatsiyasida inqilob”: oynalarsiz samolyot 2030-yildan yo‘lovchilarni tashishi mumkin

**"Fuqaro aviatsiyasida inqilob": oynasiz samolyot 2030-yildan yo‘lovchilarni tashiydi**

Qo‘shma Shtatlarning JetZero kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan JetZero Z4 yo‘lovchi samolyoti 2030-yillarning boshidan tijorat parvozlarini amalga oshirishi mumkin. Kompaniya "derazasiz layner" ishlab chiqarish zavodini qurish uchun 3 milliard dollar sarmoya jalb qildi.

JetZero Z4 an'anaviy laynerlardan tubdan farq qiladi. Unda qanot va fyuzelyaj yagona aerodinamik konstruksiyaga birlashtirilgan. Ishlab chiquvchilarning ta'kidlashicha, bu yechim samolyotning balandroq parvoz qilishini ta'minlaydi. Natijada, yoqilg‘i sarfi 50 foizgacha kamayadi, bu esa aviachiptalar narxini pasaytirishi mumkin.

Samolyot 250 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladi. Bu Airbus va Boeing modellariga deyarli teng ko‘rsatkich bo‘lsa-da, yangi samolyotning saloni ancha keng bo‘ladi. Jumladan, ichkarida to‘rtta yo‘lak, alohida o‘rindiqlar, har bir yo‘lovchi uchun shaxsiy yuk javonlari hamda hojatxonalar oldida kutish zonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Loyihaning eng noodatiy jihatlaridan biri derazalarning deyarli yo‘qligidir. Samolyotning old qismida bir nechta illyuminator saqlanadi. Salonning qolgan qismida esa tashqi manzarani aks ettiruvchi yirik monitorlar o‘rnatiladi. Shuningdek, yo‘lovchilarni Starlink sun'iy yo‘ldosh interneti bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Biroq mutaxassislar loyiha bo‘yicha ayrim xavotirlarni ham bildirmoqda. Ularning fikricha, qanotlarga yaqin joylarda o‘tirgan yo‘lovchilar burilish vaqtida kuchliroq yuklamani his qilishi mumkin. Bundan tashqari, to‘rtta yo‘lakdan iborat noodatiy salon favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya jarayonini murakkablashtirishi ham ehtimoldan holi emas.

To‘liq o‘lchamdagi prototipning ilk parvozi 2027-yil oxirida, tijorat ekspluatatsiyasi esa 2030-yillar boshida boshlanishi kutilmoqda. Agar loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, United Airlines kompaniyasi 100 ta samolyot sotib oladi. Tomonlar, shuningdek, yana 100 ta samolyot xarid qilish bo‘yicha opsion kelishuvga erishgan.

jetzero zfuel efficiencyblended wing bodywindowless aircraftaircraft designunited airlinesaviation innovationpassenger experience