“Hurmatsizlik niyatida olmagandim” — o‘zbekistonlik ayol Rossiya davlat ramzlari tushirilgan poyandoz haqida

**"Hurmatsizlik niyatida olmagandim" — O‘zbekistonlik ayol Rossiya davlat ramzlari tushirilgan poyandoz haqida**
Rossiyada davlat ramzlari tushirilgan poyandoz tufayli jinoiy javobgarlikka tortilishi oldi olingan o‘zbekistonlik ayol O‘zbekistonga qaytib kelgach, prezidentga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u poyandozni hurmatsizlik niyatida olmagan va voqea bunday tus olishini kutmagan.
"Allohimga shukur. Prezidentimga ming bor shukur aytaman, tashakkur bildiraman. Baribir o‘z yurtimizga kelmaydi hech narsa. Rahmat, hamma men uchun jon kuydirdi. Alloh rozi bo‘lsin deyman ulardan. Rosa xavotir oldim, farzandlarim yosh edi. Hamma musofirlarga ehtiyot bo‘lishini aytaman, bunday narsani qaytarilmasligini xohlayman. Chunki men ham yomon niyatda yo bir hurmatsizlik niyatida olmagandim u narsani. Voqea shunaqa bo‘lib ketadi deb, ham o‘ylamagandim", — degan u.
Nijniy Novgorod viloyatida o‘tkazilgan reyd davomida politsiya yerda yotgan Rossiya bayrog‘i va gerbi tushirilgan poyandozni ko‘rib qolib, mazkur holat bo‘yicha ayolga nisbatan Rossiya Federatsiyasi davlat ramzlarini haqorat qilish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilayotgan edi. Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Rossiyadagi inson huquqlarini himoya qiluvchi institutlarning hamkorligi natijasida mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rad etildi.
"Ozroq pul orttiraman, uy olaman degan maqsadda ketuvdim. Mening oldimga migratsiyadagilar kelishdi, inson huquqlarini himoya qiluvchilar kelishdi. O‘sha akalarimga ham juda ham tashakkur bildiraman", — degan ayol.
U migratsiya agentligi xodimlari hamrohligida Samarqandgacha kuzatib qo‘yildi.
Agentlik xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga 1282 qisqa raqamlari yoki O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishni tavsiya qildi.
News.ru nashrida ma’lum qilinishicha, Rossiya davlat bayrog‘i tasvirlangan poyandozni sotganlar bu qilmish uchun jazolanadi.

