“Hovli diydorlashuv maskani edi. Endi hech kimga joy qolmadi”. Lolazor mahallasi aholisi o‘z hovlilari uchun qanday kurashayotgani haqida uchta hikoya
Lolazor mahallasidagi hovlilardan birida ko‘p qavatli biznes-markaz qurilishi rasmiylar aralashuvidan so‘ng to‘xtatildi. Biroq qo‘shni hovlilarda aholi bolalar maydonchalari va yashil hududlarni saqlab qolish uchun ko‘p yillik kurashni davom ettirmoqda. Gazeta ushbu hikoyalarni taqdim etadi.

“Hovli diydorlashuv maskani edi. Endi hech kimga joy qolmadi”. Lolazor mahallasi aholisi o‘z hovlilari uchun qanday kurashayotgani haqida uchta hikoya
Lolazor mahallasida jamoatchilik noroziliklari va rasmiylar aralashuvidan so‘ng hovlidagi biznes-markaz qurilishi to‘xtatilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi voqea Toshkentda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. Ammo bu yerdan bor-yo‘g‘i bir necha daqiqalik piyoda yo‘lda yana ikkita hovli joylashgan bo‘lib, ularda ham shunga o‘xshash nizolar davom etmoqda. Gazeta muxbiri ularning har birida bo‘ldi.
O‘tgan hafta oxirida Mirobod tumanining Lolazor mahallasi diqqat markaziga tushdi. OAVda aholining sobiq mahalla binosi, bolalar va sport maydonchasi o‘rnida besh qavatli biznes-markaz qurilishiga qarshi kurashiga bag‘ishlangan qator nashrlar va keng jamoatchilik e’tirozlaridan so‘ng voqea joyiga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva keldi. U Bosh prokuraturaga butun Toshkent bo‘ylab turar joy hovlilarini qurish loyihalarining qonuniyligini tekshirishni topshirdi. Qurilishning o‘zi to‘xtatildi.
O‘tgan dam olish kunlari Gazeta muxbiri 27/5, 27/6, 27/7 va 27/8-sonli uylar bilan o‘ralgan o‘sha mahalla hovlisida bo‘lganida, bu yer shovqin-suronli, chang va odamlar bilan gavjum edi.
Ekskavator sobiq bino qoldiqlarini buzar, ishchilar hududni tozalab, qurilish chiqindilarini yig‘ishardi, yuk mashinalari esa ularni birin-sirin olib chiqib ketardi. Bir necha kun oldin hududni to‘sib turgan metall panjara allaqachon demontaj qilingan. Biznes-markaz qurilishi rejalashtirilgan joyda obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan edi.
Tozalanayotgan hududdan bir necha metr nariroqda atrofda yashovchi 15 ga yaqin aholi yig‘ilgan edi. Ba’zilar texnikaning ishini kuzatar, boshqalari so‘nggi yangiliklarni muhokama qilardi. Suhbatlarda yengillik his qilinardi — qurilishni to‘xtatishga erishildi. Biroq bu voqea haqiqatan ham yakunlanganiga to‘liq ishonch sezilmasdi.
“Biz hozircha xotirjamlikka berilmayapmiz. Bu yerda haqiqatan ham bolalar va sport maydonchalari qayta tiklanib, daraxtlar ekilganda hamda bir necha oydan keyin bu joyda yana navbatdagi qurilish to‘sig‘i paydo bo‘lmasligiga amin bo‘lganimizdagina xotirjam bo‘lamiz”, — dedi shu yerda yashovchi Fotima Temirxo‘jayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillar davomida mahalla qo‘mitasi binosi, bolalar va sport maydonchalari joylashgan, daraxtlar o‘sgan jamoat hududi yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini hech kim xayoliga ham keltirmagan edi. Bu maydondan nafaqat yaqin atrofdagi uylarda yashovchilar, balki qo‘shni hovlilar aholisi ham foydalanardi.
“Bu hovlimizning yuragi edi. Bu yerda qo‘shnilar yig‘ilishar, bayramlar nishonlanar, hasharlar o‘tkazilardi. Bolalar maydonchada to‘xtovsiz o‘ynashar, yoshlar sport bilan shug‘ullanardi”, — deydi mahallada yashovchi Alla Avanesova.
2026-yil may oyi boshida hudud atrofiga to‘rt metrlik metall to‘siq o‘rnatildi. Aholining so‘zlariga ko‘ra, avvaliga ko‘pchilik hudud rekonstruksiyaga tayyorlanyapti deb o‘ylagan. Keyingi haftalarda ular nima bo‘layotganini aniqlashga harakat qilishdi: mahalla raisi va quruvchi vakillariga murojaat qilib, ruxsatnoma hujjatlarini ko‘rsatishni va ishlar qaysi asosda olib borilayotganini tushuntirishni so‘rashdi. Biroq, aholining ta’kidlashicha, aniq javob olishmadi. Ular vaziyatni tushunishga harakat qilayotgan bir vaqtda, hududda ishlar davom etdi.
“Men qurilishga ruxsatnoma, kadastr hujjatlari, hokimiyat qarorlarini ko‘rsatishni so‘radim. Bizga: ‘Ho‘p, ho‘p, ko‘rsatamiz', deyishdi. Oqibatda hech narsa ko‘rsatishmadi. Keyin esa hammaga bildirmasdan mahalla binosini buzib tashlashdi, bolalar maydonchasini olib tashlashdi, o‘z qo‘llarimiz bilan ekan, hech kimga xalaqit bermayotgan eman, pavlovniya va mevali daraxtlarni tagidan kesib tashlashdi. Shunchaki maydonni qurilish uchun tekislab qo‘yishdi”, — deb eslaydi Alla Avanesova.
Faqat obyekt pasporti paydo bo‘lganidan keyingina, aholining so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak bino foydalaniladigan tomi va ikki darajali yer osti avtoturargohiga ega besh qavatli biznes-markaz ekanini birinchi marta bilishgan.
“Biz mahalla binosi ta’mirlanadi va maksimal darajada ikkinchi qavat quriladi deb o‘ylagandik. Hovli o‘rtasida shunchalik haybatli bino paydo bo‘lishini hech kim kutmagandi. Atrofdagi barcha uylar 1956-yilda stalincha ampir uslubida qurilgan bo‘lib, u shakllangan arxitekturaga umuman mos kelmas edi. Biz uchun eng tushunarsizi — aholi ishtirokisiz bunday qarorni qanday qabul qilish mumkinligidir. Bizni yig‘ilishga taklif qilishmadi, loyiha haqida gapirib berishmadi, imzo yig‘ishmadi”, — dedi Fotima Temirxo‘jayeva.
“Bino mahallaga tegishli edi. Agar u ta’mirga muhtoj bo‘lsa, nega mahallaning o‘zi yoki boshqaruvchi kompaniya uni ta’mirlamadi? Nega bu vazifalar mutlaqo begona odamga yuklatildi? Eng alamlisi, hech kim aholining, bolalarimizning huquqlarini himoya qilib chiqmadi. Axir aynan mahalla qo‘mitasi birinchi navbatda shu yerda yashaydigan odamlar manfaatlarini himoya qilishi kerak edi-ku”, — deya qo‘shimcha qildi Alla Avanesova.
Yoz o‘rtalariga kelib, aholi tan olganidek, qurilishni to‘xtata olishlariga deyarli ishonmay qo‘yishgan edi. Hokimiyat, prokuratura, kadastr organlari va boshqa instansiyalarga qilingan ko‘plab murojaatlarga borgan sari rasmiyatchilikdan iborat javoblar kelar, arizalarning o‘zi esa bir idoradan boshqasiga qayta yo‘naltirilardi. Oxirgi urinish Prezident administratsiyasiga qurilish olib borilayotgan hujjatlarning qonuniyligini tekshirishni so‘rab qilingan jamoaviy murojaat bo‘ldi.
Aholi ularning murojaati bunchalik keng aks-sado berishini kutmagan edi.
“Biz uchun bu haqiqiy mo‘’jiza bo‘ldi. O‘z hovlisi uchun kurashayotgan kichik insonni ham eshitishlari mumkinligini ko‘rdik”, — deydi Fotima Temirxo‘jayeva.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi delegatsiya tashrifidan so‘ng, aholi poytaxtning turli tumanlaridan qo‘llab-quvvatlovchi o‘nlab xabarlarni ola boshlashdi.
“Odamlar bizni tabriklab, „Siz uchun juda xursandmiz“, deb yozishdi. Ko‘pchilik bu voqea ularga umid bag‘ishlaganini aytdi. Masalamiz oxirigacha yetkazilishiga va ortimizdan boshqa hech qanday qurilish bo‘lmasligiga juda umid qilamiz”, — deya qo‘shimcha qiladi ayol.
Bunday ehtiyotkorlik so‘nggi yillardagi tajriba bilan izohlanadi. Aholining so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yillarda mavze allaqachon bir nechta jamoat maydonlarini yo‘qotgan. 27/5-uy yonidagi bolalar maydonchasi o‘rnida avtoturargohi bo‘lgan mehmonxona paydo bo‘ldi, 27/8-uy yonida esa biznes-markaz qurildi. Shu sababli sobiq Lolazor mahallasi binosi oldidagi maydoncha bir nechta uy aholisi bir joyga yig‘ilishi mumkin bo‘lgan oxirgi makonlardan biri bo‘lib qolayotgan edi.
Yaqingacha 27/3-uy hovlisida bolalar maydonchasi joylashgan bo‘lib, aholining so‘zlariga ko‘ra, u yerda bolalarning bir necha avlodi katta bo‘lgan. Atrofda aholining o‘zlari vaqtida ekib, o‘stirgan qarag‘aylar o‘sardi, maydoncha esa oilalar bolalari bilan yig‘iladigan makon edi.
Mahallada yashovchi Yelena Politayevaning aytishicha, 2025-yilning aprel oyida hudud baland metall panjara bilan o‘rab olingan. Bu hududda aynan nima rejalashtirilayotganini aholiga hech kim tushuntirmadi. Ular quruvchi va mahalliy hokimiyat vakillaridan javob olishga harakat qilishganda, ular faqat “hamma narsa reja bo‘yicha ketmoqda” deb javob berishgan, ammo hech qanday hujjat yoki aniq tushuntirish taqdim etishmagan.
“Keyin tunlardan birida butun maydonchani shunchaki olib chiqib ketishdi. Arg‘imchoqlar, sirpanchiqlar, turniklar, shiypon — hammasi yo‘qoldi. Ertalabgacha maydoncha top-toza bo‘lib qoldi. shundan so‘ng qurilish goh to‘xtab, goh yana qayta boshlandi”, — deb eslaydi u.
Aholining ko‘plab shikoyatlaridan so‘ng yon-atrofda yangi o‘yin maydonchasi barpo etildi. Biroq, Yelena Politayevaning so‘zlariga ko‘ra, u oldingisining o‘rnini bosa olmadi.
“Bu maydoncha juda kichik yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan. Kattaroq bolalarga bu yerda endi qiziq emas. Buning ustiga, o‘yin elementlari bir-biriga juda yaqin o‘rnatilgan — o‘ynash xavfli. Bo‘lishi mumkin, eski maydoncha unchalik zamonaviy bo‘lmagandir, lekin bolalar u yerda butun kunni o‘tkazishardi. Yonida hatto kichik futbol maydoni qilmoqchi edik, lekin bu hudud ham keyinchalik qurilish to‘sig‘i ortida qoldi”, — dedi u.
Bir necha oy oldin hududda ishlar qayta boshlandi. Obyekt pasportida joylashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha buyurtmachisi “ARX STROY PROJECT” MCHJ bo‘lgan. 1979 kv metr maydonda besh qavatli bino qurish rejalashtirilgan edi. Hududning taxminan 30 foizini (593 kv metr) mahalla ehtiyojlari uchun, qolgan 70 foizini (1385 kv. m) investorning turar joy majmuasi qurilishi uchun ajratish ko‘zda tutilgan edi.
“Bir nechta katta daraxtlarni kesib tashlashdi, butun maydonni metall panjara bilan o‘rab olishdi. Ilgari bu yerda o‘t-o‘lan, daraxtlar, soya-salqin bor edi, endi esa — beton, asfalt va temir. Yozda bu ayniqsa seziladi: hovli so‘zning tomor ma’nosida qizib ketadi va birinchi navbatda yaqin atrofdagi uylar aholisi aziyat chekadi”, — deydi Yelena Politayeva.
Lolazor mahallasidagi qo‘shni hududda qurilish keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lib, to‘xtatilganidan so‘ng, bu yerda ham o‘zgarishlar yuz berdi.
O‘tgan dam olish kunlari Gazeta muxbiri hovlida bo‘lganida, qurilish to‘sig‘i allaqachon demontaj qilingan, obyekt pasporti esa olib tashlangan edi. Bu hududning keyingi taqdiri nima bo‘lishi haqida aholiga hozircha ma’lum qilinmagan.
Agar dastlabki ikki hovlida qurilish atrofidagi nizo faqat so‘nggi yillarda avj olgan bo‘lsa, 27/10-uy aholisi o‘z jamoat maydoni uchun 2018-yildan beri kurashib kelmoqda. Bir vaqtlar bu yerda bir nechta qo‘shni uylar aholisi yig‘iladigan xo‘jalik omborxonalari (kladovkalar), bolalar maydonchasi va yashil hudud joylashgan edi. Endi ularning o‘rnida — quyoshda kuygan, yagona o‘rindiq qolgan bo‘sh maydon.
“Bolaligimizda biz bu yerda qo‘shni hovlidagi bolalar bilan futbol o‘ynardik, turnirlar uyushtirardik. O‘rindiqlarda qo‘shnilar yig‘ilib, yangiliklarni muhokama qilishar, bolalarni kuzatishardi. Bu yerda hamisha hayot qaynardi. Hozir unday emas. Hovli diydorlashuv maskani edi. Endi bu yerda hech kimga joy qolmadi”, — dedi shu uyda yashovchi Vladimir Davыdov.
Aholining so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilning fevral oyida hovlida joylashgan, aholi o‘nlab yillar davomida foydalanib kelgan 440 kv m maydonga ega xo‘jalik omborxonalari Tashkent City qurilishi vaqtida olib qo‘yilgan ko‘chmas mulk uchun kompensatsiya sifatida Viva Victoria mebel korxonasiga berilgan. Aynan o‘shanda, deydi ular, hududda qurilish qilish bo‘yicha dastlabki rejalar paydo bo‘lgan.
“Omborxonalar hamisha hovlimizning bir qismi bo‘lgan. Bir vaqtlar bu yerda pech bilan isitiladigan uylar uchun ko‘mir saqlangan, keyinchalik yashovchilar ulardan xo‘jalik xonasi sifatida foydalanishgan. Biz ularni o‘zimiz rasmiylashtirishni, davlatga to‘lov qilib, kadastr olishni xohlagandik, ammo bizga bunga yo‘l qo‘yishmadi. Keyin esa hudud boshqa mulkdorga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi”, — dedi qo‘shni uyda yashovchi Kseniya Romashkina-Blyummer.
Sakkiz yil davomida aholi hududni qurishning bir nechta variantini ko‘rdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga bu yerda mehmonxona, keyin — biznes-markaz, keyinroq esa turar joy majmuasi qurish rejalashtirilgan. Bir vaqtning o‘zida hudud tozalana boshlagan va ko‘p yillik daraxtlar boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgan, ularning bir qismi keyinchalik qurib qolgan.
“Bu yashil hudud aholining bir necha avlodi bilan birga o‘sgan edi. Biz qaysi daraxtni kim ekanini bilardik va bu haqda farzandlarimizga gapirib berardik. Bugun undan faqat quruq maydon qoldi. So‘nggi bir necha yil davomida biz yangi ko‘chatlar ekishda, ularni parvarishlashda davom etmoqdamiz va hovliga oldingi qiyofasini qaytarishga umid qilmoqdamiz”, — deydi shu uyda yashovchi yana bir ayol Natalya Shishkina.
O‘tgan yillar davomida aholi davlat organlariga bir necha bor murojaat qildi, sudlarda esa ularning manfaatlarini prokuratura va hokimiyat himoya qildi. Shunga qaramay, hududning taqdiri hanuzgacha noaniqligicha qolmoqda. “Lolazor” mahallasidagi qo‘shni hovli voqeasi uzoq vaqtdan beri birinchi marta aholida ularni ham eshitishlariga umid uyg‘otdi.
“Biz shaharning rivojlanishiga qarshi emasmiz, lekin bu odamlar hisobiga amalga oshishi kerak emas. Bugun bu kabi qurilish muammosi butun Toshkentga daxldor. Aholi qadrdon hovlilaridan, bolalar o‘yin maydonchalaridan, butun boshli mavzelar esa yashil hududlardan mahrum bo‘lmoqda. Bu rivojlanishmi? Biznes ijtimoiy bo‘lishi mumkin va bo‘lishi shart. Agar tadbirkor odamlar, ekologiya va qurilishdan so‘ng nima qolishi haqida o‘ylamasa, bunday loyiha boshidanoq barbod bo‘lishga mahkumdir”, — deya xulosa qildi Kseniya Romashkina-Blyummer.
Lolazor mahallasidagi voqea — Toshkentning turli tumanlarida o‘xshash ssenariy bo‘yicha avj olayotgan nizolardan biri, xolos. So‘nggi haftalarning o‘zida Gazeta Oqqo‘rg‘on va Cho‘lpon mahallalarida aholining nuqtali qurilishga qarshi noroziliklari haqida hikoya qildi. Bir necha oy oldin esa tahririyat Yunus Rajabiy mahallasi aholisining tumandagi yagona sport maskani bo‘lgan futbol maydonini saqlab qolish uchun ko‘p yillik kurashi haqida yozgan edi. Bu voqealarning barchasi jamoat maydonlariga daxldor qarorlar qanchalik ochiq qabul qilinayotgani va aholi ularning muhokamasida qanday ishtirok etishi mumkinligi haqidagi savollarni yana bir bor o‘rtaga tashlamoqda. Hozircha javoblar shahar va shaharliklar foydasiga emas.

