Mahalliy

Hokimlarning ichimlik suvi narxini belgilash vakolati hukumatga o‘tkaziladi

Prezident farmoni bilan, 2027 yildan boshlab hududiy hokimliklarning ichimlik suvi va kanalizatsiya tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash iqtisodiy jihatdan samarasiz hududlarda alohida yondashuv (maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, shoxobchalarni tashkil etish va shu kabilar) joriy etiladi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan yangi farmonga ko‘ra, hokimliklarning ichimlik suvi narxini belgilash vakolati hukumatga o‘tkaziladi.

24-iyul kuni imzolangan ushbu farmon 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi va quyidagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi:

* Iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki o‘zini oqlamaydigan hududlarda markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti o‘rniga maxsus yondashuvlar (masalan, suvni maxsus texnikalarda yetkazib berish, shoxobchalar tashkil etish) qo‘llaniladi.

* Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati hududiy hokimliklardan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi.

* 2027-yil 1-apreldan boshlab byudjet tashkilotlari uchun ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha respublika bo‘ylab yagona tariflar joriy etiladi.

* Ichimlik suvi ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha alohida hisob-kitob tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

* Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbar va o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlariga ichimlik suvini tejash va hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatish mezonlari kiritiladi.

* Zamonaviy suv hisoblagichlarni o‘rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan (XMI/XHMT) qarz va grant mablag‘lari oldindan xarid, retroaktiv va shu kabi boshqa moliyalashtirish usullari orqali jalb qilinadi.

uzbekistantariffsgovernment decreefundingwater conservationwater supplydrinking waterwater meters