Hokimlar tokchadagi changni emas, stol ustida chang bosgan arizalarni ko‘rsin!
Rahbar uchun eng katta xavf tanqid emas

Hokimlar tokchadagi changni emas, stol ustida chang bosgan arizalarni ko‘rsin!
Sir emaski, tuman va shaharlarda hokimning e’tibori butun boshqaruv tizimining kompasidir. Kompas qaysi yo‘nalishni ko‘rsatsa, kema ham o‘sha tomonga suzadi. Rahbar qaysi masalani ustuvor deb bilsa, barcha idoralar ham aynan o‘sha yo‘nalishga kuch tashlaydi.
Ammo kompas birdaniga ishsizlik, ichimlik suvi, yo‘l, elektr, investitsiya yoki ijtimoiy muammolarni emas, balki baqlajon, qozon va tokchadagi changni «ko‘rsata» boshlasa-chi? Unda butun boshqaruv apparati ham haqiqiy muammolarni emas, mayda-maishiy kamchiliklarni «davlat ahamiyatidagi vazifa»ga aylantirish xavfi paydo bo‘ladi. Oqibatda xalq yo‘l, suv, ish o‘rinlari va munosib turmush uchun yechim kutayotgan bir paytda, amaldorlar chang qidirish va baqlajon tekshirish bilan band bo‘lib qoladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning eng qudratli davlati AQShda 774 mingdan ortiq inson doimiy turar joyisiz hayot kechirmoqda. Ularning qariyb 266 ming nafari ochiq osmon ostida, chodirlarda yashaydi. Endi bir lahza tasavvur qiling. Bir shahar meri operatorlar va amaldorlarni ergashtirib chodirlar oldiga kelib, boshpanasiz insonga shunday deydi:
— Nega atrofingizni supurmadingiz? Qozoningizni nega yuvmagansiz? Chodiringizda chang bosibdi-ku!
Bunday manzarani butun dunyo siyosiy hajvning eng yorqin namunasi sifatida qabul qilgan bo‘lardi. Chunki insonga munosib yashash sharoitini yarata olmagan tizimning undan maishiy tartib uchun hisob so‘rashi mantiq emas — mantiqsizlikning eng yuqori cho‘qqisidir.
Afsuski, bunga o‘xshash manzara Shahrisabz tumanida haqiqiy voqelik sifatida namoyon bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda tuman hokimi xonadonlarga kirib, «Chumoli bosib ketibdi», «Baqlajonni qachon tozalagansiz?», «Bu changni qarang», degan mazmundagi e’tirozlari bilan xonadon sohiblarini kamera qarshisida noqulay ahvolga solayotgani aks etgan. Videolar tarqalishi bilan jamoatchilik yangi iborani ham o‘ylab topdi — «Baqlajongeyt». Darhaqiqat, ba’zan bir og‘iz gap yoki bir necha daqiqalik video yuzlab rasmiy hisobotlardan ham kuchliroq ta’sir qiladi.
Eng ajablanarlisi shundaki, ushbu kadrlarda rahbarning og‘zidan birorta ham odamlar kutgan savol yangramaydi. «Ichimlik suvi muntazam kelyaptimi?», «Elektr ta’minotida uzilishlar yo‘qmi?», «Yoshlar ish bilan ta’minlanganmi?», «Oilangizni qiynayotgan asosiy muammo nima?» kabi savollar o‘rniga bahs markaziga... baqlajon chiqib qoladi. Go‘yo tumandagi eng og‘ir muammo ishsizlik emas, infratuzilma emas, investitsiya emas, balki oshxonadagi baqlajon ekan.
Aslida boshqaruvning mohiyati odamlarni uyaltirish emas, ularning og‘irini yengil qilishdir. Kamera ochiqlikka xizmat qilsa — bu demokratiya belgisi. Ammo kamera fuqaroni omma oldida izza qilish quroliga aylansa, bu ochiqlik emas, tomoshabozlikdir. Chunki rahbarning obro‘si hech qachon fuqaroning qadr-qimmatini pasaytirish hisobiga oshmaydi.
Bir misol, bir necha yil avval Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison qaysidir hududga borib, jurnalistlarga aholiga uylarni ta’mirlash uchun beriladigan subsidiyalar haqida intervyu berayotgan paytda kutilmagan holat yuz berdi. Ular suhbatlashib turgan paytda uy egasi tashqariga chiqib, ulardan gazonni bosmaslikni so‘radi. Chunki bu uning qonuniy yeri, shaxsiy mulki! Bosh vazir esa bahslashish yoki e’tiroz bildirish o‘rniga darhol uzr so‘rab, jurnalistlar bilan birga boshqa joyga o‘tdi va suhbatni o‘sha yerda davom ettirdi.
Mana o‘sha voqea videosi: [video havolasi]
Bu voqea rahbarning shaxsiy fazilatlari haqidagina emas, davlat boshqaruvi madaniyati haqida ham ko‘p narsani anglatadi. Davlat fuqaroni nazorat qilish uchun emas, unga xizmat qilish uchun mavjud. Shuning uchun ham samarali boshqaruv rahbarning qaysi kamchilikni topgani bilan emas, odamlarning hayotidagi eng muhim muammolarni qay darajada hal qila olgani bilan baholanadi.
Shahrisabzga qaytamiz. Jamoatchilik tanqidlari kuchaygach, tuman hokimligi matbuot xizmati hokim namunali xonadon o‘rniga mahalla raisi tomonidan «adashib» boshqa uyga olib kirilganini ma’lum qildi. Biroq bu izoh yangi savollarni tug‘dirdi. Manzil adashgan bo‘lishi mumkin. Ammo kamera nega adashmadi? Nega tasvirga olish to‘xtatilmadi? Nega fuqaroning shaxsiy hayotini ommaga chiqarishdan avval uning roziligi haqida o‘ylanmadi? Eng muhimi, nega rahbarning diqqati tumanning tizimli muammolariga emas, mayda-maishiy kamchiliklarga qaratildi? Tokchadagi changni ko‘rish qiyin emas. Uni har kim ko‘radi. Ammo idoralarda yillab chang bosib yotgan murojaatlar-chi? Ularni ko‘rish uchun boshqa nigoh, boshqa mas’uliyat va boshqa davlatchilik tafakkuri kerak.
Xalq rahbarni qancha baqlajon tekshirgani bilan emas, qancha insonning hayotini yengil qilgani bilan eslab qoladi. Tarixda kimdir yirik yo‘llar qurgani bilan qolgan. Kimdir zavodlar barpo etgani bilan. Kimdir minglab ish o‘rinlari yaratgani bilan. Ammo tarix hazilni ham yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ba’zan bir necha daqiqalik video ham yillar davomida qilingan mehnatning ramziga aylanib qolishi mumkin. Hech bir rahbar tarix sahifalarida «Chang qidirgan rahbar» sifatida qolishni istamasa kerak.
Chunki rahbar uchun eng katta xavf tanqid emas. Eng katta xavf — ustuvorliklarni adashtirishdir. Rahbarning e’tibori — boshqaruv tizimining kompasi. Kompas qayerni ko‘rsatsa, butun tizim ham o‘sha tomonga harakat qiladi. Shuning uchun rahbarning har bir savoli, har bir tanbehi va har bir ustuvorligi faqat bir xonadonning emas, butun tuman yoki viloyat boshqaruvining yo‘nalishini belgilaydi. Masala baqlajonda ham, changda ham emas. Masala kompasning qayerni ko‘rsatayotganida.

