Siyosat

“Profilaktika tadbirlari fuqarolarning shaxsiy hayotiga ortiqcha aralashish hisobiga amalga oshirilmasligi lozim” — ombudsman

“Profilaktika tadbirlari fuqarolarning shaxsiy hayotiga ortiqcha aralashish hisobiga amalga oshirilmasligi lozim” — ombudsman

Shahrisabz tumani hokimining fuqaro uyiga kirib, xonadonning sanitariya holatini tanqid qilgani va jarima solishni buyurgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan ombudsman Feruza Eshmatova “Daryo” nashriga o‘z fikrlarini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, ombudsmanning pozitsiyasi doimiy ravishda o‘zgarmasdir: har qanday davlat organi yoki mansabdor shaxsning faoliyati insonning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish tamoyiliga asoslanishi shart.

Obodonlashtirish, sanitariya yoki profilaktika tadbirlari o‘tkazilishi mumkin, biroq ular fuqarolarni uyaltirish, kamsitish yoki ularning shaxsiy hayotiga haddan tashqari aralashish evaziga amalga oshirilmasligi kerak. Agar bu jarayonda fuqaroning huquqlari buzilgani haqida murojaat kelib tushsa, ombudsman uni o‘z vakolati doirasida o‘rganib chiqadi, dedi Inson huquqlari bo‘yicha vakil.

**Voqea tafsilotlari:**

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimining fuqaro uyiga kirib borgani aks etgan video tarqaldi. Videotasvirda tuman hokimi xonadonga kirib, uy egasiga yashash joyini qanday tutish kerakligini uqtirgani, uyning sanitariya holatini tanqid qilib, videotasvir mahallaning Telegram guruhiga joylanishini aytgani ko‘rinadi.

Hokim shunday deydi: “Ertaga shu ro‘zg‘orga, masalan, ‘normalniy’ odam kelin bermaydi. Bugun kanalga qo‘yiladi hozir. Mana shu mahalla kanalida o‘zingizni ko‘rasiz. Anavi qo‘shningizni ham oldik.”

Shuningdek, hokim xonadondagi sharoitni o‘z ro‘zg‘ori bilan solishtirgan va bu uydan hech kim kelin olmasligini ta’kidlagan.

Uy ichkarisiga kirgan hokim fuqaroning tushda dam olishini ham tanqid qilib, o‘zining ishlayotganini misol qilgan. Video so‘ngida hokim ushbu xonadon vakillariga jarima solishni buyurgan.

“Daryo” so‘rovidan keyin Shahrisabz hokimligi holat yuzasidan izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, yuzaga kelgan tushunmovchilik mahalla raisi tomonidan xonadonlar yanglish ko‘rsatilgani bilan bog‘liq bo‘lib, hech qaysi fuqaroni kamsitish yoki uning shaxsiy daxlsizligini buzish maqsadi ko‘zlanmagan.

human rightsfineslocal governmentsanitationombudsmanprivacypublic shamingshahrisabz district