Siyosat

Hisobot emas, real holat: deputatlar hududlarda nimalarni oʻrganmoqda?

**Hisobotlar emas, real vaziyat: Deputatlar hududlarda nimalarni oʻrganmoqda?**

Elektr taʼminotidagi muammolar, "Tashabbusli byudjet" loyihalarining amalga oshirilishi, maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorgarligi va xotin-qizlar bandligi kabi masalalarga javob topish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rahbariyati va deputatlari oʻz saylov okruglarida oʻrganishlar olib bordi. Bu safargi tashriflarda asosiy eʼtibor hisobotlarga emas, balki joylardagi haqiqiy holatni oʻrganishga qaratildi.

Iyul oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ikki muhim videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Dastlab, mamlakat iqtisodiyotining yarim yillik yakunlari tahlil qilinib, yil oxirigacha iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mahallalarning ichki imkoniyatlarini toʻliq ishga solish hamda aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi. Koʻp oʻtmay, yoqilgʻi-energetika sohasiga bagʻishlangan yigʻilishda elektr va gaz taʼminotini yaxshilash, energiya tejamkorligini keng joriy etish, tarmoq samaradorligini oshirish va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha qator topshiriqlar berildi.

Odatda bunday yigʻilishlardan soʻng masʼul tashkilotlar ijroni taʼminlab, natijalar boʻyicha hisobotlar taqdim etadi. Ammo bu safar yangicha jarayon boshlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rahbariyati, qoʻmitalar va fraksiyalar rahbarlari hamda deputatlar respublika boʻylab hududlarga chiqib, Prezident belgilagan vazifalarning ijrosini bevosita joyida oʻrganishga kirishdi.

Bu yondashuv parlament nazorati mazmunida ham yangi bosqich boshlanganini koʻrsatadi. Endi qabul qilingan qarorlarning ijrosi rasmiy maʼlumotlar asosida emas, balki mahallalardagi real holat, ijtimoiy obyektlar faoliyati va aholi fikri orqali baholanmoqda. Prezidentimiz yigʻilishlarda doimiy ravishda raqamning oʻzi emas, odamlar hayotidagi natija muhimligini taʼkidlab keladi. Shu bois deputatlar ham bugun statistik koʻrsatkichlarni emas, qabul qilingan qarorlar har bir mahalla va xonadonda qanday samara berayotganini oʻrganmoqda.

Deputatlarning hududlardagi oʻrganishlari tahlil qilinganda, ular duch kelayotgan masalalarda oʻxshashliklar seziladi. Bu muammolar asosan Davlat rahbari tanqid qilgan sohalarga toʻgʻri keladi.

Xususan, Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi deputatlar Qashqadaryo va Sirdaryodagi mahallalarda, ijtimoiy-iqtisodiy obyektlarda, xonadonlarda boʻlib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar qildi. Suhbatlarda "mahalla yettiligi" faoliyati, aholini kasbga oʻqitish, bandlikni taʼminlash va daromad manbalarini koʻpaytirish masalalarini oʻrganishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Mahalla va xonadonlarning obodligi va ozodaligi bilan tanishilib, urf-odatlarimizga mos holda yashash madaniyatini yuksaltirish masalalari ham oʻrganildi, odamlarning bu boradagi takliflari olindi. Shu bilan birga, chorvachilik va asalarichilik loyihalari, tibbiyot muassasalari faoliyati joyida tahlil qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda iqtisodiy yuksalish boʻyicha bugungidek yutuqlarga oʻz-oʻzidan erishilmayotgani, buning zamirida uzoqni koʻzlab olib borilayotgan qatʼiy va oqilona siyosat hamda izchil islohotlar turgani keng aholi qatlamlariga taʼsirchan misollar orqali tushuntirildi.

Namangan viloyatida deputat Xayrullo Gʻafforov Yangi Namangan tumanidagi Mingterak mahallasida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Hududda 4 kilometr piyodalar yoʻlakchasi va 5 kilometr avtomobil yoʻlini asfaltlash ishlari boshlangan. Deputat, shuningdek, mahallada faoliyat yuritayotgan hunarmand va tikuvchi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolar va takliflarni tingladi.

Yana bir deputat Marufjon Rahmonov Namangan viloyatining Uychi tumanida Keskanyor va Gʻayrat mahallalarida aholi bandligini taʼminlash, oilalar daromadini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Oʻrganishlar davomida mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqaro tashkil etgan chorvachilik xoʻjaligi faoliyati koʻzdan kechirildi. Shuningdek, aholidan koʻchalarni asfaltlash, qishloq vrachlik punkti faoliyatini yaxshilashga oid murojaatlar qabul qilinib, ular deputatlik nazoratiga olindi.

Toshkent viloyatida deputatlar Zuhra Mirgʻoziyeva va Davron Aripov Yuqori Chirchiq tumanidagi 64-sonli oilaviy poliklinikada boʻlib, muassasada bir nechta yoʻnalish boʻyicha mutaxassis shifokorlar yetishmasligini aniqladi. Muammoni qisqa muddatda bartaraf etish yuzasidan masʼul tashkilotlar bilan amaliy choralar belgilab olindi. Shuningdek, deputat Qizilgul Qosimova Ohangaron tumani va Olmaliq shahrida ijtimoiy obyektlar, kommunal infratuzilma hamda energetika sohasidagi holatni oʻrgandi. Shoshtepa qishlogʻida qurilayotgan sport zali, ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish jarayoni deputatlik nazoratiga olindi.

Toshkent shahrida ham asosiy eʼtibor mahallalardagi hayot sifatiga qaratildi. Deputatlar Irina Tokareva va Jamol Ochilov Olmazor tumanidagi "Yangi Sebzor" mahallasida aholi bilan uchrashdi. Suhbatlarda boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati, kommunal xizmatlar sifati, uy-joylarni saqlash va taʼmirlash ishlari muhokama qilinib, fuqarolarning barcha murojaatlari deputatlik nazoratiga olindi.

Buxoro viloyatida tashkil qilingan sayyor qabullar davomida aholi tomonidan tibbiy xizmatlar, kommunal infratuzilma, imtiyozli kreditlar, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga oid murojaatlar bildirildi. Avvalgi qabullarda koʻtarilgan qator masalalar, jumladan, ichki yoʻllarni asfaltlash, tashqi yoritish tizimini yaxshilash va tibbiyot muassasasi qurilishi boʻyicha ishlar ijobiy hal etilgani qayd etildi.

Navoiy viloyatida deputatlar mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat, infratuzilma obyektlari va aholi murojaatlarini oʻrgandi. Asosiy eʼtibor kommunal xizmatlar sifati, energetika va mahallalardagi ijtimoiy muhitga qaratildi.

Andijon viloyatida deputat Anvarjon Nurmatov mahallalarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, Poytugʻ gaz toʻldirish korxonasi faoliyati, maktablar va oilaviy shifokorlik punktlarining yangi oʻquv yili hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini oʻrgandi. Shuningdek, "Tashabbusli byudjet" doirasida taʼmirlangan ichki yoʻllarning sifati ham joyida koʻzdan kechirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa asosiy eʼtibor energetika sohasiga qaratildi. Davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarning ijrosi doirasida elektr tarmoqlari holati, qoʻshimcha quvvatlarga ehtiyoj, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlari va mahallalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari tahlil qilindi. Aholining elektr va gaz bilan barqaror taʼminlanishidagi muammolar, ularning odamlar kayfiyatiga taʼsiri va energiya samaradorlik holati oʻrganildi. Tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda aholini suyultirilgan gaz ballonlari bilan taʼminlash, suyultirilgan gaz uchun subsidiya ajratish masalalari boʻyicha takliflar olindi.

Xorazm viloyatida esa taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash, "Tashabbusli byudjet" doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, yoshlar bandligi va xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan loyihalar joyida oʻrganildi.

Hududlardagi oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, parlament nazorati tobora boshqacha mazmun kasb etmoqda. Ilgari nazorat koʻproq vazirlik va idoralar hisobotlarini eshitish bilan cheklangan boʻlsa, bugun deputatlar muammolarni kabinetlarda emas, mahallalar, ijtimoiy obyektlar va ishlab chiqarish korxonalarida oʻrganmoqda. Asosiy eʼtibor esa qabul qilingan qarorlarning odamlar hayotiga qay darajada taʼsir qilayotganiga qaratilgan. Bu — parlamentning qonun qabul qiluvchi organ sifatida jamiyat siyosiy hayotidagi oʻrni mustahkamlanishi bilan bir qatorda, muhim davlat qarorlari ijrosini taʼminlashdagi masʼuliyati ham ortib borayotganini anglatadi.

Oʻrganishlar geografiyasi turlicha boʻlsa-da, koʻtarilayotgan masalalar deyarli oʻxshash. Ayrim hududlarda elektr taʼminoti va infratuzilma muammolari dolzarb boʻlsa, boshqalarida tibbiyot muassasalarida kadrlar yetishmasligi, maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorgarligi, aholi bandligi, tadbirkorlikni rivojlantirish yoki "Tashabbusli byudjet" loyihalari ijrosiga oid masalalar diqqat markazida boʻldi.

Eʼtiborli jihati shundaki, deputatlar faqat muammolarni qayd etish bilan cheklanmayapti. Joylarda aholi, tadbirkorlar va soha mutaxassislari bilan muloqotlarda bildirilgan takliflar umumlashtirilib, tegishli vazirlik va idoralarga kiritilmoqda. Qonunchilikka oʻzgartish kiritishni talab qiladigan masalalar esa parlament muhokamalariga olib chiqilishi rejalashtirilgan.

Bu jarayon davlatimiz mustaqilligining 35-yilligini nishonlash arafasida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlarning haqiqiy bahosi rasmiy raqamlar emas, odamlarning kundalik hayotidagi oʻzgarishlar bilan oʻlchanadi. Prezidentimiz belgilagan vazifalarning ijrosi endi faqat ijro hokimiyati zimmasidagi masala emas. Parlament ham bu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Deputatlarning hududlardagi oʻrganishlari aynan shu maqsadga — qabul qilingan qarorlar har bir mahalla, har bir xonadon va har bir fuqaro hayotida qanday samara berayotganini baholashga xizmat qilmoqda. Bu esa davlat boshqaruvida natijaga yoʻnaltirilgan yondashuv tobora mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.

social issuesenergy supplyeducationhealthcareparliamentary oversightinfrastructureeconomic developmentregional studies