Elektr va gaz ta’minoti parlament nazoratida bo‘ladi
Senat raisi Tanzila Norboyeva mahalliy kengashlar deputatlari bilan uchrashuv o‘tkazib, prezident tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi. Unda elektr va gaz ta’minoti barqarorligi, energiya sohasidagi muammolar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doimiy nazoratda bo‘lishi ta’kidlandi.

Elektr va gaz ta’minoti parlament nazoratiga olinadi.
Uchrashuvda prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida belgilangan vazifalarni bajarishda parlament nazoratining mavjud mexanizmlaridan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Senatorlar va mahalliy kengash deputatlari joylardagi muammolarni tizimli o‘rganib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rishi zarurligi qayd etildi.
Muhokamalar davomida yoqilg‘i-energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish, hisobga olish tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, sohada amalga oshirilgan ishlarga qaramay, elektr ta’minotidagi uzilishlar, avariyalar sonining ortishi, energiya yo‘qotishlari va hisoblagichlar bilan bog‘liq muammolar aholi hamda tadbirkorlarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan har bir senator va mahalliy Kengash deputatiga bir hafta muddatda o‘z saylov okrugidagi energetika sohasidagi holatni joyiga chiqqan holda o‘rganish, aholi bilan uchrashish, aniqlangan muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish va bu ishlar ijrosini doimiy nazorat qilib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, uchrashuvda mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, mikroloyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va davlat xizmatlarini aholiga yaqinlashtirish bo‘yicha vazifalar ham ko‘rib chiqildi. Muhokama yakunida prezident tomonidan belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, mahalliy kengashlarning nazorat vakolatlaridan to‘liq foydalanish hamda aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.

