Fransiyada RT Franceʼning sobiq bosh muharriri deportatsiya qilinadi
Fransiya hukumati RT France telekanali sobiq bosh muharriri Kseniya Fyodorovani mamlakatdan deportatsiya qilishga qaror qildi. Rasmiy hujjatda uning faoliyati davlatning asosiy manfaatlariga zarar yetkazishi va jamoat tartibi uchun jiddiy tahdid ekani qayd etilgan.

Fransiya hukumati RT France telekanalining sobiq bosh muharriri Kseniya Fyodorovani mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Bu haqda Libération gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Parij politsiyasi prefekturasi Fyodorovaning advokatiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan imzolangan deportatsiya qarorini topshirgan. Hujjatda Fyodorovaning harakatlari Fransiya davlatining asosiy manfaatlariga zarar yetkazishi, uning mamlakatda bo‘lishi esa jamoat tartibi uchun "o‘ta jiddiy va dolzarb tahdid" ekanligi qayd etilgan.
Qarorda, shuningdek, Kseniya Fyodorova Rossiya hukumati tomonidan boshqariladigan va Fransiyada jamoat tartibini buzishga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyalarini tarqatishda ishtirok etayotgani ta’kidlangan.
RT France telekanali Yevropa Ittifoqi sanksiyalari joriy etilganidan so‘ng 2023-yil yanvar oyida o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi. Telekanal yopilganidan keyin ham Fyodorova Fransiyada qolib, fransuz tilida xotiralar kitobini nashr etgan.
2026-yil may oyida u Fransiyaning o‘ng-konservativ mediaholdingiga ishga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Fyodorova xalqaro mavzularga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarda sharhlovchi sifatida qatnashib, CNews telekanali, Europe 1 radiosi va Le Journal du Dimanche gazetasida haftalik mualliflik ruknini yuritib kelgan. Ushbu OAVlar fransuz milliarder va mediamagnati Vensan Bollorega tegishli.
Le Monde gazetasi avvalroq Fyodorovani Bollorening qo‘llab-quvvatlovchisi sifatida ta’riflagan edi. Shuningdek, uning xotiralar kitobi ham Bollorega qarashli Fayard nashriyoti tomonidan chop etilgan.
AFP agentligining ma’lum qilishicha, Fyodorovaning ish beruvchilari uning deportatsiya qilinishi haqidagi qarorni so‘z erkinligiga qarshi "juda jiddiy tajovuz" deb baholagan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa 2017-yildayoq Kseniya Fyodorovani "propagandachi va Kreml ta’sirining vositasi" deb atagan edi. Joriy yil iyun oyida uning yangi mediadagi faoliyati haqida so‘ralganida, Fransiya prezidenti bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmaganini yana bir bor ta’kidlagan.

