“Forsaj 11” filmi suratga olish ishlari hali boshlanmay turib muammolarga duch keldi

"Forsaj 11" filmining suratga olish ishlari boshlanmasdan turib, qator muammolarga duch kelmoqda.
Bir necha hafta oldin Vin Dizel ijtimoiy tarmoqlarda "Forsaj 11" filmining suratga olish ishlari boshlanganiga ishora qilgan edi. Biroq, ma'lum bo'lishicha, loyiha hali ishlab chiqarish bosqichiga o'tmagan. Bunga byudjetning haddan tashqari oshib ketgani va boshqa ishlab chiqarish muammolari sabab bo'lmoqda.
Franshizaning yakuniy qismida yana rol ijro etishi kutilayotgan aktyor Alan Ritchson "Happy Sad Confused" podkastida Universal Pictures studiyasi va Vin Dizel ayni paytda "jiddiy muammolarni hal qilish bilan band" ekanini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, loyiha hali rasman ishlab chiqarishga ruxsat olmagan.
"Bu jarayon haqida ko'p narsani bilaman va muhokamalarda qatnashyapman. To'siqlar juda ko'p. Filmni suratga olish juda qimmatga tushmoqda. Bunday byudjet o'zini oqlamaydi. Bu filmlarni ancha samarali usulda suratga olish mumkin, shuning uchun xarajatlarni kamaytirish yo'lini topish kerak", dedi Ritchson.
Shunga qaramay, aktyor film, albatta, ekran yuzini ko'rishiga ishonishini ta'kidladi. Avvalroq Universal Pictures premyerani 2028-yil 17-martga belgilagan edi. Ammo suratga olish ishlari hali boshlanmaganini hisobga olsa, bu sana ham o'zgarishi mumkin.
Taxminlarga ko'ra, filmga "Forsaj 10" rejissyori Lui Leterye boshchilik qiladi, ssenariyni esa "Ustasi faranglar 3" filmi muallifi Maykl Lesli yozadi. Biroq aktyorlar tarkibi hali rasman e'lon qilinmagan.
Avvalroq The Wall Street Journal nashri film uchun hali tayyor ssenariy yo'qligi va aksariyat aktyorlar bilan shartnomalar imzolanmaganini yozgandi. Nashr ma'lumotiga ko'ra, Universal Pictures loyiha byudjetini qariyb 140 million dollarga qisqartirishni talab qilgan.
Film syujeti hozircha sir saqlanmoqda. Ma'lum bo'lgan yagona tafsilot shuki, franshizaning yakuniy qismi voqealari yana Los-Anjelesda kechadi.

