FIFA rahbari o‘zi bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ayolga katta miqdorda pul berganlikda ayblanmoqda

FIFA prezidenti Janni Infantino o‘zi bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ayolga katta miqdorda pul to‘laganlikda ayblanmoqda. Shu sababli, Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) unga nisbatan rasmiy tergov boshlashi kutilmoqda. Bu haqda The Telegraph nashri ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, tekshiruvlarga Infantinoning jazmaniga qilingan to‘lovlar asos bo‘lgan. Nashrning yozishicha, Infantino UEFA bosh kotibi lavozimida ishlagan vaqtida, u bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan xodimaga tashkilot hisobidan yuz minglab yevro miqdorida tovon puli to‘lab bergan. Manbaga ko‘ra, bo‘lajak tekshiruvlar funksionerning UEFAdagi 16 yillik faoliyatini (2000-yildan 2016-yilgacha) to‘liq qamrab oladi.
Ma’lumot uchun, Janni Infantino 2009-yildan 2016-yilgacha UEFA bosh kotibi lavozimida ishlagan. Shundan so‘ng u FIFA rahbari etib saylandi va keyinchalik muqobil nomzodlarsiz yana ikki marta ushbu lavozimni saqlab qoldi. E’tiborli jihati shundaki, 56 yoshli mutaxassis 2001-yildan buyon qonuniy nikohda yashaydi va uning to‘rt nafar farzandi bor.

