Iqtisodiyot

Fermerlarga dizel yoqilg‘isi uchun subsidiya beriladi

Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilar uchun dizel xarajatlarini qoplashning yangi mexanizmi joriy etildi. Subsidiyalar esa murojaatsiz

Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtinchalik nizomga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonalariga birja savdolari orqali sotib olingan dizel yoqilg‘isi xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya beriladi.

Ushbu nizomga binoan, paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isining tonnasi 13 million so‘mdan oshgan taqdirda, ortiqcha qiymatning 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan subsidiya sifatida qoplanadi.

Yangi tartibning asosiy afzalligi shundaki, fermerlar subsidiya olish uchun alohida ariza topshirishlari shart emas. Mablag‘lar avtomatik tarzda, ya’ni proaktiv usulda ajratiladi.

Subsidiyadan foydalanish uchun dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi lozim. Shuningdek, fermerning ekin maydonlari va ekin turlari "Agroportal" axborot tizimiga kiritilgan bo‘lishi majburiy.

Xarid qilingan dizel yoqilg‘isi agrotexnologik xaritada belgilangan aprel-iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun sarflangan bo‘lishi ham talab etiladi.

Subsidiya miqdori "Agroportal" ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda hisoblanadi. Hisoblangan mablag‘lar vakolatli agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga uch ish kuni ichida o‘tkaziladi.

Nizomda texnik nosozliklar yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilishlar ham hisobga olingan. Agar fermer haqidagi ma’lumotlar agentlikka yetib bormasa, u yozma ravishda yoki "Agroportal" orqali elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega.

fermerlarga subsidiyadizel yoqilg'isipaxtabug'doyqishloq xo‘jaligibirja savdolariavtomatik subsidiyalaragroportal