Iqtisodiyot

O‘zbekistonda avtobus uchun yo‘l haqini iqtisodiy asoslangan darajaga oshirish taklif qilindi

O‘zbekistonda avtobusda yo‘l haqini iqtisodiy jihatdan asoslangan darajaga ko‘tarish taklifi ilgari surildi. Bu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi qoshidagi Fiskal tahlillar instituti tomonidan tashkil etilgan muhokama chog‘ida o‘rtaga tashlandi.

Taqdimotda aytilishicha, hozirda jamoat transporti xarajatlarining 65,1 foizi subsidiyalar hisobidan qoplanmoqda. Subsidiyalar miqdori 2024-yildagi 1 trillion so‘mdan 2025-yilda 1,2 trillion so‘mga, 2026-yilda esa 1,385 trillion so‘mga yetgan.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, brutto-shartnomalarni moliyalashtirish uchun yiliga 1,9 trillion so‘m zarur. Shundan 1,3 trillion so‘mi Toshkent shahri jamoat transportiga to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar subsidiyalar hajmi ortib borayotganini, ammo transport tizimining samaradorligi va natijalarini baholashda shaffoflik yetarli emasligini ta’kidladilar.

Shu sababli, yo‘lovchi oqimi kam bo‘lgan marshrutlarni optimallashtirish, yo‘l haqini iqtisodiy asoslangan darajaga olib chiqish, hududlarda jamoat transportini kengaytirish, imtiyozli toifadagi fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash hamda tashuvchilarga to‘lovlarni sifat ko‘rsatkichlari (KPI) asosida amalga oshirish taklif etildi.

Iyul oyi boshida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbekini bekor qilish bo‘yicha taklif bilan chiqqan edi.

Institut ekspertlarining fikricha, dastlabki bosqichda ushbu mexanizm iste’molchilarda fiskal chek olish odatini shakllantirishda samarali vosita bo‘lgan. Biroq bunday amaliyot odatiy holga aylangach, ommaviy pulli rag‘batlantirishga bo‘lgan ehtiyoj bosqichma-bosqich kamayadi.

uzbekistanpublic transportsubsidiesfare increasefiscal analysiseconomic proposalstransport optimizationkpi-based payments