Mahalliy

Farg‘onada Damas`da 28 nafar bolani tashigan haydovchi jarimaga tortildi

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida YPX xodimlari Damas avtomobilida 28 nafar bola tashilayotganini aniqladi. YHXB ma’lumotiga ko‘ra, ularning besh nafari old o‘rindiqda bo‘lgan. Haydovchiga odam tashish qoidalarini buzgani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima bali yozildi.

Farg‘onada Damas haydovchisi 28 nafar bolani tashigani uchun jarimaga tortildi

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlari Damas rusumli avtomobilida 28 nafar bolaning noqonuniy tashilayotganini aniqladi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, ushbu holat Toshloq tumanidagi Turvat mahallasi hududida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari tomonidan aniqlangan. Tekshirish davomida to‘xtatilgan Damas avtomobilida 28 nafar bola olib ketilayotgani ma’lum bo‘lgan. Ulardan besh nafari avtomobilning old o‘rindig‘ida bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−8-moddasi (Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, uning hisobiga 0,3 jarima bali yozilgan. Ushbu moddaga muvofiq, odam tashish qoidalarini buzish BHMning ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

YHXB ota-onalar va haydovchilar bolalarni tashish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay, bunday holatlar hanuzgacha kuzatilayotganini ta’kidladi.

Avvalroq Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida Damas avtomobilida 17 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi va bir nafar bog‘cha xodimasini tashigan haydovchiga nisbatan chora ko‘rilgan edi.

uzbekistanroad safetytraffic violationfinechild transportdamasoverloadingdriver responsibility