Mahalliy

Farg‘onada Damas’da 28 nafar bola tashilayotgani aniqlandi

Farg‘onada Damas mashinasida 28 nafar bola olib ketilayotgani aniqlandi.

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatilgan Damas avtomobilida 28 nafar bolaning qonunga xilof ravishda tashilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mutasaddilarning xabar berishicha, bu holat Toshloq tumanidagi Turvat mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yuz bergan. Bolalarning besh nafari avtomobilning old o‘rindig‘iga joylashtirilgan edi.

Ta’kidlanishicha, ota-onalar va haydovchilar bolalarni tashish qoidalariga rioya etish bo‘yicha bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay, bunday holatlar tez-tez uchramoqda.

Mazkur holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-8-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma tuzildi. Shuningdek, uning hisobiga 0,3 jarima balli yozildi.

Avvalroq Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida bog‘cha tarbiyalanuvchilarini transportda tashish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.

U Damas avtomobilida me’yoridan ortiq yo‘lovchi, jumladan, 17 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani aniqlangan. Bu holat 21-iyul kuni Qiziltepa tumanidagi Vang‘ozi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xizmat olib borayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari tomonidan qayd etilgan.

uzbekistanovercrowdingchild transportationminibusadministrative penaltyroad safetypublic safetytraffic violation