Mahalliy

Farg‘onada 2 mln yil avvalgi g‘or va qoyatosh suratlari topildi

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida 2 million yil avvalgi g‘or va qoyatosh suratlari topildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanning Dehvayron qishlog‘i tog‘laridan topilgan g‘or paleolit davriga oid bo‘lib, mutaxassislar uni mashhur Seleng‘ur g‘oridan ham qadimiyroq deb hisoblashmoqda. Uzunligi 50 metr bo‘lgan bu g‘orda hatto alohida “bolalar xonasi” ham mavjud bo‘lgan, biroq hozirda unga kirish yo‘li tuproq va toshlar bilan to‘lib qolgan.

G‘orning o‘ziga xosligi shundaki, uning ichi yozning jaziramasida salqin, qishda esa issiq bo‘ladi. Ibtidoiy odamlar aynan shu xususiyatini inobatga olib, bu yerni boshpana sifatida tanlagan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, g‘ordan 500 metrcha yuqoriga ko‘tarilganda qoyatoshlarga o‘yilgan qadimgi hayvonlar va ov qurollari aks etgan suratlarni ko‘rish mumkin. Garchi bu bebaho meros yillar davomida inson qo‘li bilan shikastlangan bo‘lsa-da, ularning ayrim namunalari bugungi kungacha saqlanib qolgan.

Hozirgi kunda ushbu hududni yirik sayyohlik maskaniga aylantirish maqsadida yo‘llar tekislanib, xavfsiz piyodalar yo‘laklari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Obida kelgusida So‘x daryosi bo‘yida barpo qilinayotgan dam olish majmuasi bilan bog‘lanib, tumanning yirik turizm markaziga aylantiriladi.

Avvalroq Samarqandda VIII asrga oid hukmdorlar saroyi qoldiqlari topilgani xabar qilingandi. Shuningdek, qazishma ishlari davomida saroyning zal qismidan haykaltaroshlik namunalari ham aniqlangan. Yana bir holatda O‘zbekistonda 4 ming yil avval bosh suyagi operatsiya qilingan bola suyaklari topilgan.

ancient artifactssokh districtarchaeologyhistorical discoveryuzbekistantourismpaleolithic caverock paintings