Farg‘ona viloyatida suv taʼminotini rivojlantirish loyihalari muhokama qilindi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Belarus Respublikasining suv taʼminoti va suvni tozalash sohasida faoliyat yurituvchi "Formula of Water Group" kompaniyasi vakili Juk Dimitriy hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi vakili Bobur Aslanovni qabul qildi.

Farg‘ona viloyatida suv taʼminotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Belarus Respublikasining suv taʼminoti va tozalash sohasida faoliyat yurituvchi "Formula of Water Group" kompaniyasi vakili Juk Dimitriy hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi vakili Bobur Aslanovni qabul qildi.
Uchrashuvda viloyatda suv taʼminoti infratuzilmasini takomillashtirish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash hamda ushbu yo‘nalishda rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
"Formula of Water Group" kompaniyalar guruhi suv taʼminoti va suvni tozalash bo‘yicha kompleks yechimlarni taklif etadi. Ular obyektlarni loyihalashdan tortib, zamonaviy uskunalarni ishlab chiqarish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, ishga tushirish va keyingi servis xizmatlarini ko‘rsatishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladi.
Muloqot davomida Juk Dimitriy kompaniyaning xalqaro tajribasi va amalga oshirgan loyihalari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ushbu yo‘nalishning bugungi kundagi dolzarbligini taʼkidlab, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni taʼminlashini bildirdi. Shuningdek, masʼul rahbarlarga investorlar bilan yaqin hamkorlik qilish va zarur ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Uchrashuvda dastlab Quva tumanida ichimlik suvi taʼminotida muammosi bo‘lgan mahallalarda loyihani tajriba-sinov tariqasida amalga oshirish, erishilgan natijalar asosida uni viloyatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etish masalasi yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib oldilar.

