Siyosat

Eron prezidenti iste’foga chiqqani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

Eron Prezidenti iste’foga chiqish haqidagi xabarlarni inkor etdi

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 4-avgust kuni o‘zining lavozimidan ketishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Uning AQSH bilan ziddiyat kuchaygan bir paytda iste’foga chiqishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu haqda Anadolu agentligi ma’lum qildi.

"Agar iste’foga chiqmoqchi bo‘lsam, buni ochiq e’lon qilardim. Men iste’foga chiqmayman va kurashni davom ettiraman", dedi Pezeshkiyon televideniye orqali qilgan murojaatida.

Prezident, shuningdek, oliy rahnamo Mojtaba Xomanaiy va qurolli kuchlar o‘rtasida kelishmovchilik borligi haqidagi da’volarni ham rad etdi. U barcha tuzilmalar to‘liq hamjihatlikda ishlayotganini ta’kidladi.

"Har qanday kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda ham, qurolli kuchlar Xomanaiy tomonida bo‘lishini hamma yaxshi biladi", deya qo‘shimcha qildi Pezeshkiyon.

Avvalroq Eron muxolifatchilarining OAV Pezeshkiyon Xomanaiyga bir necha bor iste’foga chiqish bo‘yicha ariza bergani haqida xabar tarqatgan edi.

Eron va AQSH o‘rtasidagi ziddiyat fevral oyida Vashington va Isroil Tehron bo‘ylab birgalikda hujum boshlaganidan keyin kuchaygan edi. Eron bunga javoban AQSH harbiy obyektlari joylashgan Fors ko‘rfazi mamlakatlariga dron va raketalar bilan zarbalar berdi.

Aprel oyida AQSH va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Iyun oyida esa Pokiston vositachiligida harbiy nizoni yakunlash va barqaror tinchlikka erishishga qaratilgan anglashuv memorandumini imzolandi.

Biroq bu kelishuv iyul oyida barbod bo‘ldi. Ikki tomon deyarli ikki hafta davomida bir-biriga zarbalar berdi. Shundan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar boshlangani sababli bombardimonlarni kutilmaganda to‘xtatdi.

eronfors ko‘rfaziaqsh-eron munosabatlariharbiy mojarotinchlik muzokaralariprezident iste'fosipezeshkiyonxomanaiy