Eron Hormuzda BAA yonilg‘i kemasiga raketa bilan hujum qildi — Abu Dabi

**Eron Hormuzda BAA yonilg‘i kemasiga raketa bilan hujum qildi — Abu Dabi**
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) 8-avgust kuni Eronni Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan davlat neft kompaniyasiga tegishli kemaga raketa bilan hujum qilganlikda aybladi. Abu Dabi bu harakatni qaroqchilik deb atab, keskin qoraladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Dastlab WAM davlat axborot agentligi ADNOC kompaniyasining kemalaridan biriga raketa urilgani haqida xabar tarqatdi. Kompaniya vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. Keyinroq BAA Tashqi ishlar vazirligi ADNOC kemasiga qilingan "Eronning dushmanona hujumi"ni qoraladi. Har ikki bayonotda ham tanker, uning yuklari yoki ehtimoliy zararlar haqida batafsil ma’lumot berilmadi. Jarohatlanganlar haqida xabar kelib tushmadi.
Yaqin Sharqdagi urush boshlanishidan oldin dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gazning taxminan beshdan bir qismi Ummon va Eron o‘rtasidagi ushbu tor suv yo‘li orqali o‘tar edi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlangandan beri bu yerda yuk tashish izdan chiqdi. Bu esa yuk tashish narxlarini oshirdi va xavfsizlik borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Vazirlik hujum BMT Xavfsizlik kengashining suzish erkinligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini buzganini ta’kidladi. Shuningdek, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK)ni tijorat kemalariga hujum qilish va suv yo‘lidan iqtisodiy bosim quroli sifatida foydalanishda aybladi.
BAA Eronni hujumlarni to‘xtatishga hamda bo‘g‘ozni to‘liq va shartsiz qayta ochishga chaqirdi. IIQK avvalroq Tehronga dushman davlatlar bilan aloqada bo‘lgan yoki Eron ko‘rsatmalariga bo‘ysunmagan har qanday kemalarga qarshi choralar ko‘rish bilan tahdid qilgandi.
ADNOC kompaniyasining ma’lum qilishicha, urush boshlangandan beri bo‘g‘ozdan o‘tayotgan 15 ta kemasiga raketa va dronlar bilan hujum qilingan. Shundan uchtasi shu haftaga to‘g‘ri keladi. Hujumlar oqibatida bir nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan va 20 kishi jarohatlangan.
Abu Dabi davlat neft kompaniyasi bo‘lmish ADNOC dunyodagi eng yirik energiya ishlab chiqaruvchilardan biridir. U xom neft, tabiiy gaz va qayta ishlangan mahsulotlarni butun dunyo bo‘ylab xaridorlarga eksport qiladi. Avvalroq Eron AQSH mamlakatga yana hujum qilsa, Fors ko‘rfazi davlatlariga zarba berish bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgandi.

