Endi ekologik ekspertiza faqat ruxsat berish emas – ekologik xavflarni oldindan boshqarish tizimiga aylanmoqda
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga ta’sirni baholashning yangi mexanizmlarini joriy

Ekologik ekspertiza endilikda shunchaki ruxsat berish emas, balki ekologik xavflarni oldindan boshqarish tizimiga aylanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-maydagi "Atrof-muhitga ta’sirni baholashning yangi mexanizmlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 234-sonli qarorining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan uyushtirilgan ushbu tadbirda ekologiya sohasi mutaxassislari, loyiha ishlab chiquvchilar, tadbirkorlar, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori G‘.Muxamedovning so‘zlariga ko‘ra, "Mazkur qaror bilan davlat ekologik ekspertizasi va atrof-muhitga ta’sirni baholash, jamoatchilik eshituvlari va jamoat ekologik ekspertizasini o‘tkazish, strategik ekologik baholash hamda ekologik hujjatlarni ishlab chiquvchilar faoliyatini tartibga solishning yangi mexanizmlari belgilandi. Ushbu qarorni ishlab chiqishda Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Kanada, AQSh, Turkiya, Gruziya, Singapur, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlarning ekologik ekspertiza sohasidagi qonunchiligi hamda amaliyoti o‘rganildi."
Tadbirda yangi qaror bilan atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimi xalqaro yondashuvlar asosida takomillashtirilgani, loyihalar xavflilik darajasiga qarab baholanishi, skrining va skoping bosqichlari joriy etilishi, uglerod izi va issiqxona gazlari emissiyasini baholash, jamoatchilik ishtiroki hamda loyiha ishlab chiquvchilarning mas’uliyati kuchaytirilishi haqida ma’lumot berildi.
Matbuot anjumani yakunida soha mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

