Texnologiya

Durov: Telegramʼga qarshi shantaj sxemasi qo‘llangan

Telegram asoschisi Pavel Durov messenjyerning Appleʼning App Store ilovalar do‘konidan vaqtincha olib tashlanishiga izoh berdi. Uning aytishicha, bu holat firibgarlar tomonidan qo‘llangan shantaj sxemasi oqibatida yuz bergan bo‘lib, ular sun’iy intellekt yordamida yaratilgan noqonuniy kontentni joylashtirib, keyin esa Appleʼga shikoyat qilgan.

Durov: Telegramga qarshi shantaj sxemasi qo‘llanilgan

Pavel Durov 4-avgust kuni tungi soatlarda Telegram ilovasi App Store’dan vaqtincha olib tashlanib, bir necha soatdan so‘ng qayta tiklanganidan keyin ushbu bayonotni e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Apple’ning qaroriga Telegram foydalanuvchisining ommaviy chatda "noqonuniy pornografik kontent" mavjudligi haqidagi shikoyati sabab bo‘lgan. Biroq Durovning ta’kidlashicha, shikoyat qilgan shaxsning o‘zi aynan shu kontentni joylashtirgan.

Telegram asoschisining aytishicha, firibgar eski xabarni tahrirlash imkoniyatidan foydalanib, sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan noqonuniy materialni xabar ichiga joylashtirgan. Natijada mazkur kontent guruh ishtirokchilariga ko‘rinmay qolgan va ular uni o‘z vaqtida aniqlab, shikoyat qilish imkoniga ega bo‘lmagan.

Durovga ko‘ra, bu harakatning asosiy maqsadi guruh egalarini shantaj qilish bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, jinoyatchilar avtomatlashtirilgan akkauntlar – botlar orqali ommaviy guruhlarga noqonuniy material joylashtirib, keyin esa Apple’ga murojaat qilib, ushbu guruhlarni yoptirish bilan tahdid qiladi. Agar guruh egalari tovlamachilar talab qilgan mablag‘ni to‘lashdan bosh tortsa, ularning hamjamiyatini o‘chirtirishga harakat qilinadi.

Telegram asoschisi Apple mazkur qarorni qabul qilishdan avval messenjer ma’muriyati bilan bog‘lanmaganidan afsus bildirgan. Uning fikricha, bunday holat har qanday ilova ishlab chiqaruvchisi bilan ham sodir bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Apple vakili Telegram’ning vaqtincha o‘chirilishiga izoh berib, tekshiruv davomida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka oid materiallar aniqlanganini ma’lum qilgan edi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, ushbu kontent platformadan o‘chirilgan va uni joylashtirgan foydalanuvchi bloklanganidan keyin Telegram yana App Store’ga qaytarilgan.

Pavel Durov esa noqonuniy pornografik materiallar Telegram uchun tizimli muammo emasligini ta’kidlab, platformadagi moderatsiya tizimi samarali ishlayotganini bildirdi.

firibgarliktelegrampavel durovappleapp storeshantajnoqonuniy kontentmoderatsiya