Siyosat

Davlat organlari formasiga o‘xshash kiyimlardan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat idoralari formasiga o‘xshash kiyimlarni joriy etish yoki ulardan foydalanish uchun ma’muriy

Davlat organlari formasiga o‘xshash kiyimlardan foydalanganlik uchun javobgarlik joriy etilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi o‘qishda "O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida"gi qonun loyihasini qabul qildi.

Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, davlat organlari, vazirlik va idoralar xodimlari uchun tasdiqlangan formali kiyim-bosh muayyan davlat organi vakili ekanini anglatadi, fuqarolarda ishonch uyg‘otadi hamda uni kiygan shaxs qonun bilan belgilangan vakolat va mas’uliyatga ega ekanini bildiradi. Shu bois bunday forma davlat xizmatining muhim ramzlaridan biri hisoblanadi.

Biroq, so‘nggi yillarda ayrim tashkilotlar va shaxslar tomonidan davlat organlarining tasdiqlangan formasiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyimlardan foydalanish yoki shunday formalarni joriy etish holatlari kuzatilayotgani qayd etildi. Bu esa fuqarolarni chalg‘itishi, davlat idoralari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va ayrim shaxslarga o‘zini davlat xodimi sifatida tanishtirib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkonini berishi mumkin.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va yoki ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur normalar, avvalo, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash hamda davlat xizmati obro‘sini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

uzbekistanlegal reformstate uniform misuseimitation clothingoliy majlisadministrative lawpublic trustgovernment prestige