Ulushli qurilishda yangi talablar joriy etilmoqda
Qonun loyihasida fuqarolarning ulushli qurilishga kiritgan mablag‘larini himoya qilishning yangi moliyaviy mexanizmi taklif etilmoqda

Ulushli qurilish sohasida yangi qoidalar joriy etilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida "Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda qurilish hajmi sezilarli darajada oshib, aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari jadallashgan. Shu bilan birga, ayrim obyektlarning belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmayotgani hamda ulushli qurilish munosabatlarini alohida qonun bilan tartibga solish zarurati ushbu hujjatni ishlab chiqishga asos bo‘lgan.
Qonun loyihasi ulushli qurilish sohasidagi munosabatlarni, davlat organlari, quruvchilar, banklar va ulushdorlarning huquq hamda majburiyatlarini aniq belgilaydi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini qurilishga jalb qilish tartibi ham qonun darajasida mustahkamlanishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada fuqarolarning ulushli qurilishga kiritgan mablag‘larini himoya qilishning yangi moliyaviy mexanizmi taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchi ixtiyoriga o‘tmaydi, balki banklarda ochiladigan eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi.
Qurilish belgilangan talablarga muvofiq yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilgandan keyingina mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi. Shuningdek, quruvchi aholi mablag‘larini jalb qilishi uchun Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzgan va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilgan bo‘lishi shartligi belgilanmoqda. Bundan tashqari, ulushli ishtirok shartnomasi notarial tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Qonun loyihasiga muvofiq, quruvchi qonun talablarini buzgan holda mablag‘ jalb qilsa, ulushdor mablag‘ni qaytarishni hamda undan foydalanilgan davr uchun foiz to‘lanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Talab bajarilmagan taqdirda, fuqaro sudga murojaat qilishi mumkin.
Shuningdek, qurilishning to‘xtab qolishining oldini olish uchun vakolatli bank yoki quruvchini almashtirish, qurilishni uzluksiz moliyalashtirish mexanizmlari ham nazarda tutilmoqda. Barcha ma’lumotlar Yagona axborot tizimida e’lon qilinishi, ulushli qurilish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilanishi taklif etilgan.
Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

