Mahalliy

Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasi bo‘yicha hali to‘liq xulosa berilmagan — Ekoekspertiza markazi

Sea Breeze loyihasining ilk bosqichi — faqat yer tanlashga ijobiy xulosa berilgan. Uning atrof-muhitga to‘liq ta’siri: o‘simlik va hayvonot dunyosi, kanalizatsiya tizimi va boshqa ekologik talablar ikkinchi bosqichda baholanadi. Ekologik ekspertiza markaziga ko‘ra, bunga oid hujjatlar hali taqdim etilmagan.

**Chorvoqdagi "Sea Breeze" loyihasi bo‘yicha yakuniy xulosa berilmagan – Ekoekspertiza markazi**

"Sea Breeze Uzbekistan" loyihasining ekologik ekspertizasi hali to‘liq yakunlanmagan. Hozircha faqat yer tanlash bosqichiga oid xulosa berilgan. Bu haqda 5-avgust kuni Kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanidan so‘ng Davlat ekologik ekspertizasi markazi direktori G‘ayrat Muxamedov Gazeta muxbiriga ma’lum qildi.

G‘ayrat Muxamedovning so‘zlariga ko‘ra, ekologik ekspertiza ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda qurilish uchun yer tanlash baholanadi, ikkinchisida esa loyihaning atrof-muhitga to‘liq ta’siri o‘rganiladi. "Sea Breeze Uzbekistan" loyihasi bo‘yicha hozircha faqat birinchi bosqich – yer tanlashga oid hujjatlar ko‘rib chiqilgan.

"Bizga loyihaning birinchi bosqich hujjatlari taqdim etilgan va faqat yer ajratish masalasi bo‘yicha xulosa berilgan. Ikkinchi bosqichga oid loyiha hujjatlari hali kelib tushgani yo‘q. Shuning uchun jamoatchilikda ko‘tarilayotgan masalalarni baholash uchun zarur bo‘lgan loyihalar hali taqdim etilmagan", – dedi u.

G‘ayrat Muxamedovning ta’kidlashicha, ikkinchi bosqichda o‘simlik va hayvonot dunyosiga ta’sir, oqova suvlarni tozalash inshootlari, bosh reja, quriladigan obyektlar va boshqa barcha ma’lumotlar baholanadi.

"Buning uchun Botanika va Zoologiya institutlari ishtirokida kuz, qish va bahor fasllarini qamrab olgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak. Institutlar bu ishlar bo‘yicha bizga murojaat qilgan, hozir tadqiqotlar davom etyapti. Ular tugagach, o‘z xulosalarini taqdim etadi. Shu talablar bajarilgandan keyingina ikkinchi bosqich bo‘yicha qaror qabul qilinadi", – deydi markaz direktori.

Uning qayd etishicha, markazga ikkinchi bosqich hujjatlari kelib tushgach, qonunchilikda belgilangan muddat – 25 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Markaz rahbariga ko‘ra, "Sea Breeze Uzbekistan"ning umumiy loyihasi hali tayyor emas va shu sababli unga ekologik xulosa ham berilmagan.

"Loyiha yakuniga yetmagan. Masalan, oqova suvlarni tozalash inshooti qanday bo‘ladi, quvvati qancha bo‘ladi, qancha odam qabul qiladi, nechta kottej va uy quriladi – bularning birortasi bo‘yicha hali bizga loyiha taqdim etilmagan. Loyihani ishlab chiqish yana ikki yilcha davom etadi. Hozir esa sohilni mustahkamlash, daraxt ekish va yerni tayyorlash ishlari olib borilyapti. Boshqa qurilish ishlari amalga oshirilmayapti", – dedi u.

G‘ayrat Muxamedovning aytishicha, ekologik ekspertiza xulosasi imzolanishi bilanoq ochiq portal va markaz saytiga joylashtiriladi.

"Biz chiqarayotgan har bir ekologik ekspertiza xulosasi imzolangan kuniyoq saytimizga joylanadi. Bu ma’lumotlar ochiq hisoblanadi", – deydi markaz direktori.

Loyiha bo‘yicha boshqa tafsilotlarni o‘xshash xabarlar qismidan o‘qish mumkin.

environmental expertiseecological assessmentproject stagespublic informationchorvoqenvironmental impactconstruction projectsea breeze uzbekistan