Mahalliy

Buxoroda o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Buxoro viloyatida fuqaroni tibbiyot yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 26 million so‘m olgan shaxs tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi. Unga nisbatan firibgarlik va pora berishga dalolat qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Buxoroda o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qorako‘l tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro X.T. hibsga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, X.T. fuqaro D.O.ning ishonchiga kirib, unga Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalaridan birida 1-3-kurslarda tahsil olganligi haqida soxta hujjatlar tayyorlab berishni va’da qilgan.

Bundan tashqari, u yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Buxoro innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetining tibbiyot yo‘nalishiga 4-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga 26 million so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

taʼlimuniversitetqalbaki hujjatlarbuxorotergovporaxo‘rlikfiribgarlikqozog‘iston