Layfstayl

BTS guruhi a’zolari “Gremmi” taqdirlash marosimiga boykot e’lon qildi

BTS guruhi a’zolari “Gremmi” mukofotiga boykot e’lon qildi. Janubiy Koreyaning mashhur BTS guruhi o‘zining yangi “Arirang” albomini “Gremmi” mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatmaslikka qaror qildi. Bu haqda musiqachilar o‘zlarining ijtimoiy tarmoq sahifalarida ma’lum qilishdi.

Guruhning yetti nafar a’zosi – RM, Jin, Shuga, J-Hope, Chimin, Vi va Chonguk – o‘zlarining shaxsiy sahifalarida bir xil mazmundagi bayonotni e’lon qilib, mukofotda ishtirok etishdan voz kechish sababini Osiyo pop musiqasi uchun alohida – “Best Asian Pop Music Performance” (Eng yaxshi Osiyo pop musiqasi ijrosi) yo‘nalishi joriy etilgani bilan izohladi.

Musiqachilarning bayonotida shunday deyiladi: “Biz bu yil o‘z musiqamizni “Gremmi” mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatmaslikka qaror qildik. Umid qilamizki, musiqamiz hududlar yoki tillarga ajratilmasdan, boricha qabul qilinadi va sevib tinglanadi. Biz bilan doim birga bo‘lgan barchaga minnatdorlik bildiramiz”.

BTS ushbu bayonotni mukofot tashkilotchilari yangi yo‘nalishni e’lon qilganidan bir oy o‘tib e’lon qildi. Ovoz yozish akademiyasi ushbu yangi yo‘nalish haqida shunday izoh bergan: “Ushbu yo‘nalish Osiyo bozorlarida yaratilgan yoki keng ommalashgan, jumladan, K-pop, J-pop va C-pop kabi janrlarni hamda bir yoki bir nechta Osiyo tilidan mazmunli foydalanilgan Osiyo pop musiqasini ijro etishdagi badiiy mahoratni e’tirof etadi”.

BTS guruhi besh marta “Gremmi” mukofotiga nomzod bo‘lgan, biroq biror marta ham g‘olib chiqmagan. 2021, 2022 va 2023-yillarda jamoa “Eng yaxshi pop-duet yoki guruh ijrosi” yo‘nalishida nomzodlar qatoridan joy olgan. 2023-yilda BTS’ning “Yet to Come” qo‘shig‘iga ishlangan klip “Eng yaxshi musiqiy video” yo‘nalishida haykalcha uchun kurashgan, guruh esa Coldplay jamoasining “Music of the Spheres” plastinkasini yozishda ishtirok etgan san’atkorlar sifatida “Yil albomi” nominatsiyasiga kiritilgan. 2019-yilda guruhning yetti nafar a’zosi ham Ovoz yozish akademiyasining a’zosiga aylangan.

2026-yilda K-pop janridagi qo‘shiq ilk bor “Gremmi” haykalchasini qo‘lga kiritdi. “Key-pop: jin ovchilari” multfilmining “Golden” deb nomlangan saundtreki “Vizual media uchun eng yaxshi qo‘shiq” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.

discriminationbtsk-popawardsboycottgrammy awardsmusic industryasian pop music performance