Britaniyaning harbiy dronlaridagi kameralar Xitoyga ma’lumot uzatgani aniqlandi

Britaniya harbiy dronlaridagi kameralar Xitoyga ma’lumot uzatgani aniqlandi. The Telegraph nashrining Mudofaa vazirligidagi manbaga tayanib xabar berishicha, Buyuk Britaniyaning elita maxsus bo‘linmalari tomonidan qo‘llaniladigan dengiz razvedka dronlari Xitoyga yashirincha ma’lumot yuborgan.
Fors ko‘rfazidagi missiyalar uchun mo‘ljallangan K3 Scout katerlariga Xitoyda ishlab chiqarilgan komponentlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular ma’lumotlarni Xitoydagi qurilmaga yashirincha uzatgan. Ma’lumotlar sizib chiqishi aniqlangach, Mudofaa vazirligi mart oyidan beri harbiy xizmatda bo‘lgan dengiz dronlari kameralarining internetga ulanishini uzishga majbur bo‘ldi. Umumiy qiymati 12 million funt sterling (taxminan 16,2 million dollar) bo‘lgan bu dronlar Britaniyaning Kraken Technology Group kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan, ularga o‘rnatilgan kameralar esa xavfsizlikni kafolatlagan subpudratchi tomonidan ishlab chiqarilgan.
Vaziyatdan xabardor manbaga ko‘ra, K3 dronlari London tomonidan Hormuz bo‘g‘ozida kemalarning erkin harakatlanishini ta’minlash uchun taklif qilingan mudofaa paketining bir qismi bo‘lgan. Dengiz dronlari bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, kameralar Xitoydagi IP-manzilga “puls signallari” deb ataluvchi – ularning onlayn faolligi va me’yorda ishlayotganini tasdiqlovchi ma’lumotlarni uzatib turgan. Muammo kiberxavfsizlikdagi zaifliklarni rejali baholash jarayonida aniqlangan.
The Telegraph manbasi ta’kidlashicha, “puxta o‘tkazilgan surishtiruv Mudofaa vazirligining maxfiy ma’lumotlari yoki tizimlariga kirish imkoniyati bo'lgani, ularning buzilgani yoki idoradan tashqariga uzatilgani haqida hech qanday dalil aniqlamadi”.
Shunga qaramay, bu holat Xitoyning Britaniya harbiylari ortidan josuslik qilishga urinayotgani ehtimoli haqida xavotir uyg‘otmoqda. Komponentlarning kelib chiqishini tekshirishda jiddiy muvaffaqiyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan. Bundan tashqari, dronlar elita xodimlari yig‘ilishlari o‘tkaziladigan joylar yaqinida bo‘lgan. Qurilmalar o‘chirilgandan keyin ham kameralar ishlashda davom etgani haqida xavotirlar kuchaygan.
2025-yilda Britaniyaning MI5 razvedka xizmati parlament deputatlarini Xitoy razvedka idoralarining tinimsiz aralashuvi va ta’sir o‘tkazish urinishlari, jumladan, maxfiy ma’lumotlarni to‘plash uchun ishga joylashish saytlaridan foydalanayotgani haqida ogohlantirgan edi.
2020-yilda Buyuk Britaniya xavfsizlik nuqtai nazaridan Xitoyning Huawei kompaniyasiga mamlakatning 5G tarmog‘ini ishga tushirishni taqiqlagandi. O‘shandan beri ta’minot zanjirlaridagi qator zaifliklar Britaniya Mudofaa vazirligini muhim obyektlardan Xitoy uskunalar va kameralarini to‘liq chiqarib tashlashga majbur qilmoqda.

