Boshqa

Avgust oyida to‘liq quyosh tutilishi kuzatiladi

2026-yil 12-avgust kuni Yevropaning ayrim hududlarida to‘liq quyosh tutilishi hodisasi ro‘y beradi. Bu noyob astronomik hodisani Grenlandiya, Islandiya, Ispaniyaning shimoliy qismi hamda Portugaliyaning shimoli-sharqiy hududlari aholisi kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Yevropa kosmik agentligi (ESA) ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya shimoli quyosh tutilishini kuzatish uchun eng qulay joylardan biri hisoblanadi. Bu ko‘plab yevropaliklar uchun so‘nggi 20 yildagi ilk shunday imkoniyat bo‘ladi.

ESA ilmiy direktori, professor Karol Mundellning ta’kidlashicha, “Quyoshning to‘liq tutilishi — millionlab insonlar birgalikda osmonga qarab, ham hayrat, ham qiziqish hissini tuya oladigan noyob lahzalardan biridir”.

Astronomlar eslatishicha, Quyoshga oddiy ko‘z bilan faqat tutilishning to‘liq fazasi vaqtida, ya’ni quyosh diski Oy tomonidan butunlay to‘silgan qisqa muddat davomida xavfsiz qarash mumkin. Boshqa barcha vaqtlarda ISO 12312-2 xalqaro standartiga mos keluvchi maxsus himoya ko‘zoynaklaridan foydalanish shart.

Kanar orollari Astrofizika instituti ogohlantirishicha, quyosh diskining kichik bir qismi ochiq qolgan taqdirda ham, undan tarqaladigan kuchli nur ko‘z to‘r pardasiga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazishi mumkin. Tutilishni maxsus himoya vositalarisiz kuzatish ko‘rish qobiliyatining keskin yomonlashishiga yoki uning to‘liq yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston aholisi 12-avgustdagi to‘liq quyosh tutilishini kuzata olmaydi. Navbatdagi muhim astronomik hodisa esa 2027-yil 2-avgustda kutilmoqda, o‘shanda XXI asrning eng uzoq davom etadigan to‘liq quyosh tutilishi sodir bo‘ladi.

xavfsizlikquyosh tutilishiko'z himoyasiesayevropaastronomiyaispaniyayil