AQShda qurol taqchilligi, Koreyada massaj mojarosi – hafta dayjyesti
Hafta davomida AQShda qurol taqchilligi yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi, Ukraina va Rossiyada tinch aholi urush qurboniga aylanishda davom etdi, Janubiy Koreyada misli ko‘rilmagan mojaro avj oldi. Koreyslar JCh saralashida ishlagan xorijlik hakamlar uchun massaj xizmatlari tashkil qilib bergani aniqlandi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda yodga olamiz.

AQShda qurol tanqisligi, Koreyada massaj mojarosi – haftaning muhim voqealari
O‘tgan hafta davomida Qo‘shma Shtatlarda qurol-yarog‘ taqchilligi yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi, Ukraina va Rossiyada tinch aholi urush qurboniga aylanishda davom etdi, Janubiy Koreyada esa misli ko‘rilmagan mojaro avj oldi. Koreyaliklar Jahon chempionati saralash o‘yinlarida ishlagan xorijlik hakamlar uchun massaj xizmatlari tashkil qilib bergani aniqlandi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda yodga olamiz.
**Amerikada qurol tugayapti**
Dunyodagi eng kuchli harbiy qudratga ega bo‘lgan Amerikada qurol-yarog‘ zaxirasi jiddiy kamaygan va hatto raketa taqchilligi yuzaga kelgan. Bu haqda Amerika nashrlari harbiy mulozimlarga tayanib xabar berdi. Jurnalistlarning aniqlashicha, Amerika harbiylari asosiy havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun zaxiradagi raketalarning 80 foizini ishlatib bo‘lgan. Omborlarda xavfli darajada kam raketa qolgan. Tramp Kemp-Deviddagi vazirlar mahkamasi yig‘ilishida o‘qdori taqchilligi bo‘yicha Pentagon rahbari Pit Hegsetdan hisobot so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp Eronga "ikkinchi jahon urushi davridan buyon eng yirik zarbalar" va’da qilgan, keyinroq go‘yoki "diplomatiyaga imkon berish uchun" buyruqni bekor qilgandi. Aslida gap diplomatiyada emas, Amerika armiyasida raketa taqchilligi yuzaga kelganida ekan. Masalan, hozir amerikaliklarda Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa taqchilligi mavjud. Bu 155 mmli snaryad emas, uni bir pasda ishlab chiqarib, omborni to‘ldirib qo‘yishsa. Bu defitsitni bartaraf etish yillab vaqt talab qiladi.
Tramp o‘qdori yetishmovchiligining bosh aybdori sifatida tabiiyki Jo Baydenni ko‘rsatdi. Kemp-Deviddagi yig‘ilishda esa prezident Pentagon rahbari Hegsetni, urush vaziri o‘z navbatida o‘z yordamchisini ayblagan. Qolganini tasavvur qilish qiyin emas, o‘rinbosar o‘z o‘rinbosarini, u ham o‘z yordamchisini ayblagan, oxir-oqibat aybdor raketa omborining qorovuli bo‘lib chiqsa ham, ajab emas.
Lekin qurol omborlari nega bo‘shab qolgani tushunarli. Tramp Isroil manfaati uchun Eronga qarshi urush ochdi, mamlakat amalda yarim yildan beri urush holatida. Eronga kam raketa otildi deysizmi, bunga javoban forslar ham Amerika bazalarini nishonga oldi, bu raketalarni qaytarish uchun mudofaa raketalari kerak.
Urush ana shunaqa narsa, Amerikadek davlatlarning omborlarini bo‘shatib qo‘yadi. Va eng qizig‘i, Amerika Isroil degan ittifoqchisi uchun urush boshlab hech qanday foyda ko‘rmadi, zarar ketidan zarar. Qaytanga "shuncha katta Amerika bir burda Isroil yo‘rig‘iga yurarkan" degan gap orttirib oldi. Urushda Amerika omborlari bo‘shab qolgani Eronga qanaqa obro‘ olib berishini tasavvur qilavering.
**Yevropada qurg‘oqchilik**
Bu yilgi yoz Yevropa uchun og‘ir keldi. Angliyani endi "tumanli albion" demasak ham bo‘lar, bir oy davomida Londonda biror marta ham yomg‘ir yog‘madi. Bunaqasi 155-yillik kuzatuvlar tarixida birinchi marta bo‘lyapti. Britaniyalik fermerlar quruq yoz sabab oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishidan ogohlantirgan.
Dunay atrofidagi davlatlar, xususan, Mojaristonga energetik inqiroz xavf solmoqda. Yevropada irrigatsiya bilan bog‘liq muammo sabab dehqonlar hosil yaxshi bo‘lishidan umid qilmayapti. Kemada tashiladigan mahsulotlar manziliga kech yetib borib, narx oshishiga sabab bo‘lyapti. Kruiz reyslari bekor qilinishi turizmga ham ta’sir qilgan. Germaniyada Reyn daryosi sathi kuzatuvlar tarixidagi eng past darajaga tushib ketdi.
Suv yetarli emasligi sabab AESlarni sovutish bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan. Shu sabab stansiyalar ish hajmini qisqartirishga to‘g‘ri kelgan. Ruminiyada "Chernavode" AESga suv o‘tishi uchun Dunayda rejalashtirilgan portlash amalga oshirildi. Ikkita avtomobil zavodi elektr energiyasiga ehtiyojni kamaytirish uchun 19-avgustgacha ishlamay turishini e’lon qildi.
Albatta, qurg‘oqchilik yomon narsa, Yevropa uchun og‘ir damlar bo‘lyapti, lekin men qit’adagilar bu tabiat sinoviga qanday reaksiya qilganiga e’tibor qaratmoqchiman. Hamma tarmoq o‘z faoliyatidan kelib chiqib jaziramaga, qurg‘oqchilikka qarshi nimadir qilishga urinmoqda, og‘zini ochib o‘tirgani yo‘q...
**Moskvada terakt**
O‘tgan hafta Moskvada katta ehtimol Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan navbatdagi harbiy mulozimni o‘ldirishga urinish sodir etilgandi. Balzi Rossi degan restoran yaqinida portlash sodir bo‘lib, kamida uch kishi halok bo‘lgan. O‘sha payt restoranda yopiq ziyofat o‘tkazilayotgan edi.
OAVga ko‘ra, restoranda Rossiya harbiy kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Chaykoning tug‘ilgan kuni nishonlanayotgan bo‘lgan. Tadbir ishtirokchilaridan biri olgan suratda sahnada "Aleksandr 55" yozuvini ko‘rish mumkin. Terakt natijasida general-polkovnik Chayko omon qolgan. O‘lganlardan biri Chaykoning kuyovi, yana biri boshqa bir general bo‘lgani aytilmoqda.
Rossiyalik generallarga bu tarzda suiqasd qilinishi yangilik emas, Chayko suiqasdga uchragan Rossiya harbiy rahbariyatidagi eng katta odamlardan biri bo‘ldi. Rossiyalik mustaqil jurnalistlarning aniqlashicha, bunday hujumlar fonida rossiyalik harbiylarga xavfsizlik uchun harakat yo‘nalishini, telefonlarini, hatto tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Bunday hujumlar frontda hech nimani o‘zgartirmasligi mumkin, lekin ruhiy jihatdan harbiylarga salbiy ta’sir qilishi aniq. Avvalroq Ukraina tomoni "Rossiyani tinchlikka undash 40 kunlik operatsiyalari" yakunlangani haqida hisobot bergan, Zelenskiy Rossiyaga yangi hujumlar bo‘yicha buyruq berganini aytgandi.
**Dron odamlar ustiga quladi**
Rossiya – Ukraina urushi borgan sari okoplardan shaharlarga ko‘chmoqda. Front shunchalik muzlaganki, xabarlar lentasida bu haqda nimadir topish qiyin. Urush deganda Kiyev yoki Moskvaga zarba berilgani, turar joy binolari hujumga uchragani, tinch aholi o‘lgani, generallarga suiqasd qilingani kabi xabarlarni o‘qishga odatlandik.
Rossiyaning Gelenjik degan joyi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu davlat haqida xabarlarga befarq bo‘lmaganlar Gelenjikda nima borligini ham yaxshi biladi. Xullas, ana shu shahar yaqinidagi sohilda cho‘milayotgan odamlar ustiga ukrain droni quladi. Kamida yetti kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi.
Ukrainada esa Rossiya ballistik zarbasi oqibatida kamida o‘n kishi halok bo‘ldi. Ularning besh nafari bir oila vakillari edi. Butun Ukraina er-xotin Voronovlar va uch farzandi uchun aza tutdi. Xersonda rossiyalik dron operatori sabzavot sotuvchini mazax qilib o‘ldirishga urinishi ukrainlarni larzaga keltirdi. Xullas, urush har ikki tomonda borgan sari ko‘proq tinch aholi vakillarini o‘ldirmoqda.
**Janubiy Koreyada hakamlar mojarosi**
Haftaning eng shov-shuvli mojarosi Janubiy Koreyada kuzatildi. Mahalliy jurnalistlar surishtiruv o‘tkazib, o‘n yillar oldingi qator qing‘irliklarni aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Janubiy Koreya futbol ittifoqi 2012-yilgi Olimpiada va 2014-yilgi JCh saralash o‘yinlarida mezbon Koreyaning o‘yinlarida ishlagan hakamlar mezbonlar foydasiga qaror qabul qilishi uchun ularga massaj xizmatlari tashkil qilib bergan.
Aynan saralash o‘yinlari o‘tkazilgan vaqtda Koreyadagi massaj salonlariga futbol ittifoqi hisobidan pul o‘tkazib berilgan. Surishtiruvda bu hakamlar Bahrayn, BAA, Yaponiya va O‘zbekistondan bo‘lgani aytiladi, lekin ismlar keltirilmagan. Shuningdek, bu hakamlar aynan qaysi epizodlarda Koreya foydasiga qaror chiqargani ham noma’lum.
Janubiy Koreya futbol ittifoqi tezda voqeaga munosabat bildirib, o‘n yillar oldingi hodisalar yuzasidan uzr so‘rab chiqdi. Ittifoq bayonotida aytilishicha, "bu voqealardan aksar xodimlarning ham xabari bo‘lmagan". Shuningdek, "bu voqealar koreyalik futbolchilar mahoratiga soya solmasligi" qo‘shimcha qilingan.
Janubiy Koreya milliy jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatida guruhda qolib ketgani mamlakatda juda yomon qarshilandi. Futbolga mas’ul odamlar, tashkilotlar ustidan tergov boshlandi. Sobiq mulozimlar, murabbiylar parlamentda so‘roq qilindi. Xullas, Koreya futbolidagi barcha muammolar hukumat darajasida tekshirildi. Natijada mana shunday xalqaro mojaroga aylanishi mumkin bo‘lgan tafsilotlar yuzaga chiqdi.
Shu o‘rinda 2014-yilgi JCh hal qiluvchi saralash bosqichi eng oxirgi o‘yinida Janubiy Koreya o‘z maydonida xuddi O‘zbekistonning ustidan kulgandek Eronga yengilib, bizni guruhda qoldirib ketgani esga keladi. O‘sha o‘yinda Eronning g‘alabasidan boshqa istalgan ssenariy bizni JChga olib chiqqan bo‘lardi.

