Siyosat

AQSh Venesuela neftidan 13 mlrd dollardan ortiq daromad yig‘di, lekin bu pullarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda — FT

AQSh Venesuela nefti savdosidan 13 mlrd dollardan ortiq daromad yig‘di. Lekin bu pullarning taqdiri xususida Vashington turlicha bayonotlar beryapti: bir safar tegishli farmonda o‘z rolini 'vaqtincha saqlovchi' deb ko‘rsatsa, boshqa safar prezident Tramp AQSh Venesuela neftidan 'katta pul ishlayotgani'ni aytgan.

Financial Times nashrining yozishicha, Donald Tramp ma’muriyati Venesuela nefti savdosidan 13 milliard dollardan ortiq daromad yig‘gan, ammo bu mablag‘larning taqdiri shaffof tarzda oshkor etilmayapti.

Yanvar oyida AQSh Venesuelaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olib, vitse-prezident Delsi Rodrigesni mamlakat rahbari etib tayinlagan edi. Shundan so‘ng Tramp ma’muriyati Venesuelaning neft eksporti ustidan nazoratni o‘z qo‘liga oldi va ayrim sanksiyalarni bekor qildi.

FT ma’lumotlariga ko‘ra, neftdan tushadigan daromadlar Venesuela yalpi ichki mahsulotining qariyb chorak qismini tashkil etadi. Sanksiyalarning yumshatilishi o‘tgan oy mamlakatda yuz bergan dahshatli zilzilalarsiz ham inqirozda bo‘lgan iqtisodiyotga katta turtki berishi kutilgan edi. Biroq, AQSh Venesuela neftidan kelib tushadigan mablag‘lar ustidan nazorat o‘rnatganidan olti oy o‘tgan bo‘lsa-da, iqtisodchilarning fikricha, Venesuelada iqtisodiy tiklanish alomatlari deyarli sezilmayapti. Bu AQSh neft daromadlarini Karakasga to‘liq miqdorda qaytarmagan bo‘lishi mumkinligidan dalolat berishi mumkin.

Vashington bu mablag‘larning taqdiri yuzasidan turli bayonotlar bergan: bir safar tegishli farmonda o‘z rolini “vaqtincha saqlovchi” deb ko‘rsatsa, boshqa safar prezident Donald Tramp AQSh Venesuela neftidan “katta pul ishlayotgani”ni aytgan.

AQShning har ikkala partiyasi vakillari ma’muriyatga bosim o‘tkazib, ushbu mablag‘larning qayerga yo‘naltirilgani va ularni taqsimlashda korrupsiyaning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani yuzasidan tushuntirish berishni talab qila boshlagan.

Kongressning taniqli a’zosi, demokrat Xoakin Kastro FT nashri bilan suhbatda shunday degan: “Trampning Venesuelaga bostirib kirishi boshidanoq neft, hokimiyat va korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan. Venesuelaning milliardlab dollarlik neft daromadlari Tramp ma’muriyati tomonidan shaffoflik va kafolatlarsiz nazorat qilib kelinmoqda”. U, shuningdek, bu to‘g‘ridagi ma’lumotlar Kongressga ochiqlanmayotganini qo‘shimcha qilgan.

FT mustaqil hisob-kitoblariga tayanib, Venesuela neftidan olinishi mumkin bo‘lgan potensial daromadlar hajmi 13 milliard dollardan oshishi mumkinligini yozgan edi. Keyinroq prezident Donald Tramp nashrga javoban amalda daromadlar “hatto bundan ham ko‘proq” ekanini qayd etdi.

FTning yozishicha, Venesuela hukumati hozirda AQSh nazorati ostida bo‘lgan neft savdosidan tushgan daromadlarni kuzatib borish uchun maxsus veb-saytni ishga tushirgan, biroq unda faqat mart oyida amalga oshirilgan 300 million dollarlik o‘tkazma qayd etilgan, xolos.

24-iyun kuni mamlakatda sodir bo‘lgan ikkita ketma-ket vayronkor zilziladan so‘ng Venesuela neftidan olingan daromadlar taqdiri yanada dolzarb masalaga aylandi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina binolar va infratuzilmaga yetkazilgan zararning o‘zi 37 milliard dollarni tashkil etadi.

Obama ma’muriyatida Oq uyning Lotin Amerikasi bo‘yicha sobiq yuqori martabali mulozimi sifatida faoliyat yuritgan Benjamin Gedanning so‘zlariga ko‘ra, agar demokratlar noyabr oyida Kongressning bir yoki ikkala palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritsa, neftdan kelib tushgan mablag‘larni tekshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Yanvardagi reyddan ko‘p o‘tmay, prezident Tramp daromadlarni shaxsan o‘zi nazorat qilishini aytgan. O‘shandan beri ma’muriyat neft mablag‘laridan nima maqsadlarda foydalanilishi mumkinligi haqida turli bayonotlar berib kelmoqda, deb yozadi FT.

Xususan, yanvar oyidagi dastlabki farmonda mablag‘lar Venesuela hukumatining mulki hisoblanib, AQSh hukumati “vaqtinchalik saqlovchi va boshqaruvchi” sifatida ularni o‘z hisobvaraqlarida saqlashi aytilgan edi. Biroq AQSh Energetika vazirligining bayonot berishicha, mablag‘lar “Amerika va Venesuela xalqlari manfaati uchun” sarflanadi. Iyun oyida Tramp AQSh neft daromadlari orqali Venesueladagi harbiy operatsiya xarajatlarini “28 barobar” qoplab olganini va bunga qo‘shimcha ravishda “katta pul ishlayotganini” ma’lum qilgan.

“Bu urushda g‘alaba qozonish uchun 48 daqiqa ketdi, — deya ta’kidlagan Tramp. — Biz millionlab barrel neft olib chiqdik”.

Aprel oyida Davlat departamentining yuqori martabali mulozimi Maykl Kozak Venesuelaga neft daromadlaridan taxminan 3 milliard dollar yuborilganini va KPMG bank hisobvaraqlarini auditdan o‘tkazayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’muriyat ushbu mablag‘lar to‘g‘risida har chorakda hisobot taqdim etishi kerak edi, biroq Tashqi ishlar qo‘mitasidagi demokratlar o‘shandan beri hech qanday ma’lumot olmaganliklarini aytishmoqda.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, neft mablag‘lari ustidan nazorat Chavistlar rejimining asosiy a’zosi bo‘lgan va ayni paytda mamlakatni qisman Vashington ko‘rsatmalari bilan boshqarayotgan Rodrigesga ta’sir o‘tkazish maqsadida qo‘llanilgan.

15-iyul kuni Kongressdagi tinglovda Kozak: “Bu ularning puli, lekin… ular bizdan ruxsat olishlari kerak”, deya qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat xodimlarining maoshlari va neft sanoati uskunalari kabi xarajatlarni qoplash uchun mablag‘lar ajratilgan. Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, ushbu tizim doirasida “Venesuela iqtisodiyotiga milliardlab dollar ajratilgan”. “Mablag‘larning Venesuela xalqiga foyda keltirayotganini ta’minlash uchun moliyaviy monitoring olib borilmoqda”, deyiladi departament xabarida. G‘aznachilik departamenti rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, “AQSh hukumati vasiy sifatida yanvar oyidan beri Rodriges hukumati bilan rasmiy davlat xarajatlari, jumladan, davlat xizmatchilarining ish haqi uchun mablag‘larni tezda taqsimlash va Venesuela tizimida likvidlikni ta’minlash bo‘yicha ish olib bormoqda”.

Ko‘plab iqtisodchilar bu yil Venesuela iqtisodiyoti jadal tiklanishini kutishgan, chunki yanvar oyigacha mamlakat AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun xalqaro bozorlarda neftni katta chegirma bilan sotishga majbur bo‘layotgandi. Hukumat neft va gazga sarmoyalarni jalb qilish maqsadida resurslar to‘g‘risidagi yangi qonunni joriy etdi va bu yil ishlab chiqarish hajmi biroz oshdi.

Biroq Vashingtondagi Iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazining venesuelalik iqtisodchisi Fransisko Rodrigesning ta’kidlashicha, birinchi chorakdagi 2,5 foizlik rasmiy o‘sish sur’ati so‘nggi qariyb besh yildagi eng past ko‘rsatkichdir. Mutaxassis Venesuela iqtisodiyoti birinchi chorakda kutilganidek jadalroq o‘smaganini AQSh neft daromadlarining to‘liq miqdorini Venesuela hukumatiga o‘tkazib bermagani bilan bog‘lamoqda.

Venesuelaga ixtisoslashgan Ecoanalítica konsalting shirkati direktori Alexandro Grisantining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oyda mamlakatga yirik miqdorda dollar oqimi kirib kelayotganiga oid belgilar kuzatilgan. U yilning to‘rtinchi choragida iqtisodiyot jonlanishini kutayotgan edi, biroq zilzila bu jarayonni kelasi yilning o‘rtalariga surib yuborishi mumkinligini ta’kidladi.

Zilziladan so‘ng amaldagi davlat rahbari Delsi Rodriges mamlakat tashqarisidagi mablag‘lardan, jumladan, XVJ tasarrufidagi va sud jarayoni yakunlanguniga qadar Angliya bankida saqlanishi ko‘zda tutilgan Venesuela oltinidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun harakat qilmoqda.

AQSh tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 386 million dollar yordam ajratdi va sa’y-harakatlarga ko‘maklashish uchun Venesuelaga yuzlab askarlarini yubordi.

AQShning Karakasdagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Jon Barret neft daromadlari hisob raqamlaridagi pullar ham “aynan shu qayta tiklash ishlari uchun” ajratilayotganini ta’kidlagan, lekin mablag‘lar miqdoriga aniqlik kiritmagan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, neftdan olinadigan taxminiy daromadlar ko‘rsatkichi tog‘-kon sanoati eksportidan tushadigan daromadlarni o‘z ichiga olmaydi, ularning bir qismi ham Tramp ma’muriyati tomonidan yig‘ib olinmoqda.

iqtisodiy sanksiyalarneft daromadlarigumanitar yordamsiyosiy nazoratvenesuelazilzilashaffoflikaqsh