Dunyo

AQSH boshi uchun 5 mln dollar vaʻda qilgan narkobaron ushlandi (video)

AQSH tomonidan 5 million dollar mukofot va'da qilingan narkobaron qo'lga olindi (video)

Meksikada "Kartel de los Reyes" jinoiy guruhining yetakchisi Alfonso Fernandes Magalyon hibsga olindi. Jinoiy doiralarda "Poncho La Kiringua" nomi bilan tanilgan ushbu shaxsni qo'lga olishga olib keladigan ma'lumot uchun AQSH 5 million dollar mukofot e'lon qilgan edi. Bu operatsiya haqida Meksika xavfsizlik vaziri Omar Garsiya Arfuch ma'lumot berdi.

Hibsga olish amaliyoti 1-avgust kuni Michoakan shtatining Imbarakuaro qishlog'ida amalga oshirildi. Bu hudud Magalyonning jinoiy faoliyatini olib borgan joyi hisoblanardi. Operatsiyada armiya va Milliy gvardiya boshchiligidagi federal kuchlar, dengiz floti, Bosh prokuratura hamda shtat politsiyasi ishtirok etdi.

"Qo'lga olingan shaxsga nisbatan noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish va isyon ko'tarish ayblovlari bo'yicha hibsga olish orderi mavjud. AQSH hukumati uni hibsga olishga olib keladigan ma'lumot uchun besh million dollargacha mukofot taklif qilgan", — deb yozdi Garsiya Arfuch ijtimoiy tarmoqlarda.

Fernandes Magalyon avtomobil o'g'irlash, tovlamachilik va narkotik savdosida ham ayblanmoqda. Unga nisbatan AQSH Milliy xavfsizlik boshqarmasi ham tergov olib bormoqda. U bilan birga yana ikki kishi — Martin Silva Osorno va Federiko Plasensiya Mendosu ham qo'lga olindi. Ulardan giyohvand moddalar, qurol va o'q-dorilar musodara qilindi.

Ushlanganlar Meksika Havo kuchlari vertolyotida poytaxtga olib ketilib, Bosh prokuraturaga topshirildi. Fernandes Magalyon "El Abuelo" (Bobo) laqabli Xuan Xose Farias Alvaresning ishonchli odami hisoblanadi. Tepalkatepek karteliga rahbarlik qiluvchi ushbu shaxs uchun ham AQSH 10 million dollar va'da qilgan.

"U avtomobil o'g'irlash, noqonuniy ozodlikdan mahrum etish, tovlamachilik va giyohvand moddalar savdosi kabi jinoyatlarga aloqador. U Tepalkatepek karteli rahbari Xuan Xose N. (ya'ni El Abuelo)ning yaqin hamkoridir", — deyiladi Meksika armiyasi bayonotida.

Narkobaronning ushlanishi guruh a'zolarining keskin qarshiligiga sabab bo'ldi. Ular hibsga olinganlarni olib ketishga to'sqinlik qilish maqsadida yo'llarni avtomobillar bilan to'sib, mashinalarga o't qo'ydi. AQSHning Meksikadagi elchisi Ronald Jonson bu holatga "jinoyatchilarning yashirinadigan joyi yo'q", deya munosabat bildirdi.

Ma'lumot o'rnida, aprel oyida Meksika hukumati Yevropa Ittifoqining "eng ko'p qidirilayotgan jinoyatchilar" ro'yxatiga kiritilgan narkofurushni hibsga olgan edi. Fevral oyida esa uzoq vaqt qidiruvda bo'lgan "Xalisko yangi avlod" narkokarteli rahbari Nemesio Osegera Servantes ("El Mencho") harbiy operatsiya chog'ida yo'q qilingan. Bu voqea zo'ravonlik to'lqinini keltirib chiqargan. Sakkizta shtatda guruh jangarilari avtomobillarga o't qo'yib, yo'llarni to'sib qo'ygan va xavfsizlik kuchlariga hujum qilgan. O'shanda Xalisko shtatida favqulodda holat joriy etilgandi.

narkobaronjinoiy guruhzo'ravonlikgiyohvand moddalar savdosimeksikakartelhibsga olishaqsh