Apple App Storeʼdan Telegram vaqtincha olib tashlandi
Pavel Durov asos solgan Telegram messenjyeri Appleʼning App Store ilovalar do‘konidan qisqa muddatga yo‘qoldi. Kompaniya bu holatni tasdiqladi va ilova tez orada qayta tiklanganini ma’lum qildi. Biroq App Storeʼdan nega olib tashlanganiga izoh berilmadi.

Apple App Storeʼdan Telegram qisqa muddatga g‘oyib bo‘ldi
4-avgustga o‘tar kechasi dunyo bo‘ylab foydalanuvchilar App Store orqali Telegram ilovasini yuklab olishda muammolarga duch kelishdi. Ilova qidiruv natijalarida ko‘rinmay qoldi, biroq taxminan ikki soat o‘tgach, yana do‘konda paydo bo‘ldi.
Reuters agentligi Telegram vakillaridan izoh so‘raganida, kompaniya ilovaning App Storeʼda qisqa muddatga mavjud bo‘lmaganini tasdiqladi va muammo tezda hal qilinganini ma’lum qildi. Kompaniya bayonotida shunday deyilgan: "Telegram App Storeʼga qaytarildi va yaqin vaqt ichida barcha foydalanuvchilar uchun yana to‘liq ochiladi."
Apple esa Reutersʼning bu holat bo‘yicha so‘roviga hozircha javob bermadi.
Bu Telegramʼning App Storeʼdan birinchi marta yo‘qolishi emas. 2018-yilda ham messenjer Apple do‘konidan bir necha soatga olib tashlangan edi. O‘shanda bunga kontentni yetarli darajada moderatsiya qilmaslik sabab qilib ko‘rsatilgan. Telegram ishlab chiquvchilari filtrlash tizimini yangilagach, ilova App Storeʼga qayta tiklangan.
So‘nggi yillarda Telegramʼda kontent moderatsiyasi bilan bog‘liq e’tirozlar kuchaygan. Fransiyada aynan shu masala Pavel Durovning ushlanishiga sabablardan biri sifatida tilga olingan edi.
Shuningdek, 2026-yil iyul oyida Rossiya hukumati ham Durovga nisbatan "terrorizmga ko‘maklashish" ayblovini ilgari surdi. Shu asosda u Rossiyada "terroristlar va ekstremistlar" ro‘yxatiga kiritilgan.

