Alyors Holding O'zbekiston farmatsevtika sanoatidagi loyihalarni o'rganmoqda
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Turkiyaning Alyors Holding (Orzax) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Alyors Holding O'zbekiston farmatsevtika sanoatiga sarmoya kiritish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda.
Toshkent, O'zbekiston (UzDaily.uz) —
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Turkiyaning Alyors Holding (Orzax) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida O'zbekistonda farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, mahsulotlarni mahalliylashtirish va eksport imkoniyatlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari O'zbekiston farmatsevtika bozoridagi mavjud imkoniyatlar, investitsiya muhiti va istiqbolli hamkorlik yo'nalishlari bo'yicha o'z fikrlarini bildirdilar.
Shuningdek, dorivor o'simliklar, farmatsevtik xomashyo va probiotiklar sohasida ilmiy-texnologik hamkorlikni yo'lga qo'yish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiya loyihasining asosiy parametrlarini aniqlashtirish, zarur ma'lumotlarni o'zaro almashish va hamkorlikning keyingi amaliy bosqichlarini belgilashga kelishib oldilar.

