Mahalliy

“Alifbo — bir avlod uchun emas” — O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov o‘zbek alifbosi bugungi avlod uchun emas, kamida keyingi asr uchun yaratiladigan davlat standarti ekanini ta’kidladi. Professor lotin alifbosini takomillashtirish zarurati va bu boradagi asosiy e’tirozlarga munosabat bildirdi.

**"Alifbo – bir avlod uchun emas" – O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori**

**Muallif:** Nizomiddin Mahmudov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 35 yil to‘ldi. Bu davr mobaynida mamlakat iqtisodiyoti o‘zgardi, davlat boshqaruvi raqamlashtirildi, yangi avlod voyaga yetdi, sun’iy intellekt hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Biroq, haligacha yakuniy yechimini topmagan bir masala mavjud – bu o‘zbek alifbosi.

Alifboni takomillashtirish haqida so‘z ochilganda, muhokamalar ko‘pincha mazmundan ko‘ra ko‘proq ehtirosga beriladi. "Xarajat ko‘p bo‘ladi", "odamlar chalkashib ketadi", "hamma narsani qayta yozishga to‘g‘ri keladi", kabi iddaolar ilgari suriladi. Bir qarashda bu xavotirlar asosli ko‘rinishi mumkin. Ammo ularning aksariyati qonun loyihasidagi me’yorlarga emas, balki yuzaki tasavvurlarga tayanadi.

**Nizomiddin Mahmudov. Foto: Yuz.uz**

Avvalo, bir haqiqatni tan olish zarur: alifbo almashmayapti. Hech kim yangi yozuv tizimini joriy qilayotgani ham yo‘q. Gap 1993-yilda qabul qilingan lotin alifbosini takomillashtirish haqida ketmoqda. Bu ikki holatni tenglashtirish – islohotning mazmunini ataylab yoki bilmasdan buzib ko‘rsatishdir.

Aslida, islohotning asosiy maqsadi harflarni almashtirish emas. Uning mohiyati o‘zbek lotin alifbosini yanada izchil, sodda va zamonaviy talablarga mos holga keltirishdan iborat. Alifbo bir vaqtning o‘zida ham tilshunoslik, ham axborot texnologiyalari, ham davlat boshqaruvi ehtiyojlariga javob berishi lozim. Afsuski, amaldagi alifbomiz bu talablarni to‘liq ta’minlay olmayotgani amaliyotda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Biz yillar davomida alifbodagi ayrim harflarni to‘g‘ri yozishning murakkabliklari haqida, noilojlikdan ular uchun alohida istisnoli qoidalar joriy etish zarurati to‘g‘risida gapirib keldik. Ammo bugun – barcha sohalar kabi til ham raqamlashayotgan bir paytda alifboga oid muammolarning ko‘lami biz o‘ylagandan ko‘ra kengroq va chuqurroq ekani ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, harflar va tinish belgisi yordamida sun’iy ravishda yasalgan O‘ va G‘ harflari Unicode xalqaro belgilar jadvalida bitta mustaqil harf sifatida kodlanmagan. Obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, ular yaxlit harf sifatida ildizga ega emas.

Sh va Ch birikmalari ham qator noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan, ular tilimizdagi juda faol tovushlar ifodachisi bo‘lgani bois so‘zlar, jumlalar sun’iy ravishda kengayib ketmoqda. Is’hoq, as’hob kabi so‘zlarni to‘g‘ri yozish va o‘qish uchun, garchi vazifasiga kirmasa-da, tutuq belgisini qo‘yishga majbur bo‘lyapmiz.

Lug‘atlarni avtomatik shakllantirish jarayonida Sh bilan boshlangan so‘zlar S harfi bilan boshlanadigan so‘zlar qatorida saralanib qolyapti va ularni to‘g‘rilash uchun qo‘shimcha algoritmlar ishlab chiqishga to‘g‘ri kelmoqda. Qisqartmalarning yozilishida (masalan, AQSh – AQSh, JCh – JCH) chalkashliklar yuzaga kelmoqda va hokazo.

Shu bois yuqoridagi qo‘sh belgili harf birikmalarini "bir tovush – bir harf" tamoyili asosida isloh qilish maqbul yechim sifatida ko‘rilmoqda. Taklif etilayotgan Ğ, Ö, Ş va Ç harflari Unicode standartida mustaqil kodga ega ekani va turli dasturiy platformalar tomonidan barqaror qo‘llab-quvvatlanishi bilan ahamiyatlidir.

Yana bir muhim masala – xarajatlar haqida. Qonun qabul qilinishi bilan ertasidanoq millionlab pasportlar, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar, darsliklar, ko‘cha peshlavhalari, davlat idoralari blankalari va yo‘l belgilari almashtirilishi kerak bo‘lmaydi. Bunday talab mutlaqo mavjud emas.

Qonunning tegishli moddasida barcha rasmiy hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar, davlat organlarining ramziy belgilari va boshqa atributlari, ularning binolarida aks ettirilgan davlat gerbining bo‘rtma tasviri, geografik obyektlarning nomlari tushirilgan peshlavha va ko‘rsatkichlar hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa ashyolar va manbalar yaroqsiz holatga kelib qolguniga yoxud belgilangan muddatga qadar foydalanilishi aniq-ravshan yozib qo‘yilgan.

Takomillashtirilgan alifboni jamiyatda to‘liq, ortiqcha qiyinchiliksiz va xarajatsiz joriy etishga oid masalalar ayni paytda loyihasi ishlab chiqilayotgan va Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar dasturida aks etadi.

Davlat boshqaruvida har qanday o‘zgarishning tabiiy yo‘li-ravishi bo‘ladi. Hujjatlar ma’lum muddatdan keyin baribir yangilanadi. Darsliklar qayta nashr etiladi. Ko‘cha ko‘rsatkichlari va davlat belgilari eskirganda almashtiriladi. Pasportlar muddati tugaganda yangisi beriladi. Ya’ni bugun almashtiriladigan narsalar ertaga ham baribir almashtirilar edi.

Farq shundaki, ular navbatdagi yangilanish jarayonida yangi standart asosida tayyorlanadi, xolos.

Shuning uchun "milliardlab qo‘shimcha xarajat" haqidagi da’volar islohotning huquqiy mexanizmini emas, uning atrofidagi taxminlarni aks ettiradi.

Aslida, bugungi bahsning markazida pul emas, standart turibdi. Davlat har qanday sohada standart yaratadi. Elektron hukumat uchun ham, raqamli imzo uchun ham, kadastr uchun ham, avtomobil raqamlari uchun ham yagona qoidalar belgilanadi. Alifbo ham ana shunday davlat standartidir.

Standartning vazifasi esa bugungi odatlarni himoya qilish emas, ertangi tizimni barqaror qilishdir.

Ko‘pchilik "odamlar ko‘nikib qolgan", degan fikrni asos sifatida keltiradi. Ammo davlat siyosatini ko‘nikish emas, maqsad belgilaydi.

Har qanday islohotning dastlabki bosqichida moslashish davri bo‘ladi. Bu tabiiy jarayon. Ammo moslashishning mavjudligi islohotning noto‘g‘ri ekanini anglatmaydi. Eng qizig‘i, alifbo islohotiga qarshi fikrlarning aksariyati tilshunoslik haqida emas. Ular asosan ehtimoliy noqulayliklar haqida.

So‘nggi 10 yil ichida tilshunos olimlarimiz va tegishli soha vakillari alifbodagi nuqsonlarni ilmiy asosda tuzatish bo‘yicha tizimli ish olib bordi. Muhokamalar, fikr almashuvlar jarayonida alifbo loyihasi takomillashdi. Ko‘plab seminarlar, anjumanlarda mavzuga doir savollarga asosli dalillar bilan javoblar berildi. Nihoyat alifboning yakuniy loyihasi shakllanib, Oliy Majlisga kiritildi.

Davlat uchun asosiy savollar boshqacha bo‘lishi kerak. Yigirma yildan keyin o‘zbek tili raqamli platformalarida qanday ishlaydi? Ellik yildan keyin milliy korpuslar, davlat arxivlari va ma’lumotlar bazalari qaysi standartga tayanadi? Yangi avlod qanday imlo qoidasi asosida ta’lim oladi? Alifbo aynan shu savollarga javob berishi lozim.

"Yoshlar-ku, mayli, idroki tez, oson o‘rganadi, yoshi ulug‘ fuqarolar nima qiladi?" degan savollarga ham duch kelamiz. Alifboga kiritilayotgan harflar katta yoshli avlod uchun ham begona emas: bu harflar 1929−1940 va 1993−1995-yillardagi o‘zbek alifbolari tarkibida mavjud bo‘lgan. Qolaversa, hududlardagi davlat tili bo‘yicha malaka oshirish markazlarida, ommaviy axborot vositalarida aholi uchun alifbodagi yangilanishlarga oid saboqlar, ma’lumotlar berilishi tashkil etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda endi bir paytning o‘zida uchta alifbo (eski lotin, yangi lotin va kirill) parallel ravishda ishlatilishi haqidagi taxminlarni ham o‘qiyapmiz. Albatta, norasmiy yozishmalarda har kim xohlagan alifbosidan foydalanishi mumkin, bunga hech to‘sqinlik qilolmaydi. Ammo davlat idoralarida ish yuritish, ta’lim-tarbiya va boshqa rasmiy maqomga ega jarayonlarda faqat qonun bilan tasdiqlangan alifbodan foydalaniladi.

Alifbomizdagi nuqsonlar tuzatilib, u yagona davlat standartiga aylangach, bosma nashrlar va rasmiy saytlardagi ikki xillikka chek qo‘yish borasida ham tegishli takliflar tayyorlanmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, milliy alifbo – bu bir avlod uchun emas. U kamida keyingi yarim asr uchun qabul qilinadigan davlat standartidir. Shu bois bugungi muhokamalarda eng katta xato – alifbo islohotini bir martalik xarajat sifatida ko‘rishdir. Aslida, uni kechiktirishning ham o‘z bahosi bor.

Har yil yangi darsliklar eski standart asosida chop etiladi. Har yil davlat axborot tizimlari mavjud muammolarga moslashtirib boriladi. Har yil yangi avlod mukammallashmagan qoidalarni o‘rganishda davom etadi. Bu ham xarajat. Faqat u smetada emas, vaqtda, resursda va kelajak imkoniyatlarida namoyon bo‘ladi.

Shu ma’noda, bugungi tanlov "alifboni o‘zgartiramizmi yoki yo‘qmi?" degan savol emas. Tanlov shundaki, biz muammoni bugun tabiiy va bosqichma-bosqich hal qilamizmi yoki uni yana bir necha o‘n yil keyin xuddi shu holatda keyingi avlod zimmasiga yuklaymizmi? Chunki ba’zan eng katta xarajat – islohot emas, islohotni surunkali ravishda ortga surish bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

national identitygovernment spendinglatin scriptuzbek alphabet reformeducational reformlanguage standardizationdigital languagelinguistic policy