Aktyor Sem Nil vafot etdi.
Ushbu yangi zelandiyalik aktyor «Buyuk Merlin», «Yura davri parki» va «O‘tkir viqorlilar» kabi filmlar orqali mashhurlikka erishgandi..
Aktyor Sem Nil vafot etdi. Yangi zelandiyalik aktyor «Buyuk Merlin», «Yura davri parki» va «O‘tkir viqorlilar» kabi filmlar orqali mashhurlikka erishgan.
Sem Nil 78 yoshida vafot etdi. Uning oilasi aktyorning Sidneydagi klinikalardan birida, oila a’zolari va yaqinlari bilan birga ko‘z yumganini ma’lum qildi. 2022 yilda unga onkologik kasallik tashxisi qo‘yilgan edi, 2026 yil aprel oyida esa u bu kasallikni muvaffaqiyatli yengib o‘tganini xabar qilgandi.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz ham aktyorning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi. «Sem kasallikka qarshi har bir nutqiga kuch bag‘ishlagan o‘sha qadr-qimmat, yumor va ishonch bilan kurashdi. Unga qattiq aza tutishadi va uni uzoq vaqt yodda saqlashadi», – deb yozdi Albaniz X ijtimoiy tarmog‘ida.
Sem Nil (to‘liq ismi Nayjyel Jon Dermot Nil) 1947 yil 14 sentabrda Shimoliy Irlandiyada tug‘ilgan, o‘sha paytda uning otasi harbiy xizmatni o‘tayotgandi. 1954 yilda Nillar oilasi otasining vataniga – Yangi Zelandiyaga qaytadi. Nil faoliyatini teatr aktyori sifatida boshlagan. «Uxlayotgan itlar» (Sleeping Dogs, 1977) filmidagi roli uning karerasida muhim burilish yasaydi – bu yangi zelandiyaliklarning AQShda keng ko‘lamda namoyish etilgan birinchi filmi bo‘lib hisoblanadi. Shundan so‘ng Nil Hollivud filmlarida ko‘rinish berishni boshlaydi.
«Reyli: Josuslar qiroli» (1983 yil) mini-serialidagi roli uchun uni «Oltin globus» mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatishgan.
1993 yilda Nil «Pianino» filmida (rejissyor va ssenariynavis Jyeyn Kempion) suratga tushadi. Ushbu film dastlab Kann kinofestivalida «Oltin palma yaprog‘i» mukofotini qo‘lga kiritadi, keyinchalik bir necha yo‘nalishda «Oskar» g‘olibi bo‘ladi. Xuddi o‘sha yili Stiven Spilberg tomonidan suratga olingan va bosh rollardan birini Nil ijro etgan «Yura davri parki» filmi katta ekranlarga chiqadi. Keyingi yillarda aktyor ushbu franshizaning bir necha sikvellarida suratga tushadi.
O‘zbekiston tomoshabini uni 1998 yilda ishlangan «Buyuk Merlin» teleseriali (bosh qahramon, sehrgar Merlin rolini o‘ynagan) orqali tanigan. Nil keyinroq «Tyudorlar» (The Tudors, 2007-2010) va «O‘tkir viqorlilar» (Peaky Blinders, 2013-2022) kabi mashhur seriallarda ham rol ijro etdi, shuningdek, «Simpsonlar» va «Rik va Morti» epizodlarida ko‘rinish berdi.
Umuman olganda, aktyor 50 yillik faoliyati davomida 150 dan ortiq film va seriallarda rollar ijro etgan.

