Aktyor Abdumannon Ubaydullayev vafot etdi

Aktyor Abdumannon Ubaydullayev olamdan o‘tdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor, taniqli kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida vafot etdi.
Kinematografiya agentligi marhumning oila a’zolari, yaqinlari, shogirdlari hamda kino va san’at jamoatchiligiga chuqur hamdardlik bildirib, ta’ziya izhor qilgan.
Abdumannon Ubaydullayev o‘zbek kino san’atida ijro etgan ko‘plab obrazlari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanilgan. U kinorejissyor Zulfiqor Musoqovning “Vatan” filmidagi roli orqali keng ommaga tanilgan bo‘lib, keyinchalik “Omad”, “So‘nggi lahza”, “Hijron”, “Nazar”, “Yigit yig‘lamasin”, “Aldangan ko‘ngil”, “Mehr” kabi badiiy filmlar hamda qator milliy teleseriallarda rol ijro etgan.
Ijodkor nafaqat aktyor va rejissyor, balki pedagog sifatida ham faoliyat yuritgan. U so‘nggi yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasida talabalarga saboq berib kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun, “Kun.uz” 2023-yilda Abdumannon Ubaydullayev bilan e’lon qilgan intervyusida ijodkor o‘sha yili 83 yoshni qarshilayotgani qayd etilgan. Suhbatda u kinodagi ilk rolini 2006-yilda suratga olingan Zulfiqor Musoqovning “Vatan” filmida 66 yoshida ijro etgani, undan avval esa uzoq yillar rejissyor, ilmiy xodim va pedagog sifatida faoliyat yuritgani haqida so‘zlab bergan.

