“Sakkiz qator she’rim boshimga sakkizta bomba bo‘lgan”. Abdulla Oripovni siyosiy ayblovlardan asrab qolgan voqea

“Sakkiz qator she’rim boshimga sakkizta bomba bo‘lgan”. Abdulla Oripovni siyosiy ayblovlardan asrab qolgan voqea
Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh ...
U kim edi? Davlat madhiyasini yozgan rasmiy shaxsmi yoki balkon tokchasidan qotillar tashlab ketgan zaharni topib olgan nishondagi qurbonmi? Sho‘ro minbarlarida so‘zlagan deputatmi yoki tunda chinorlar ostida arvohlar bilan sirlashib, Qodiriy va Cho‘lpon ruhiga qurbonlik keltirgan darveshmi? Qo‘ng‘irtov etagidagi chekka qishloqdan chiqqan yigit qanday qilib butun bir millatning uyg‘onish ramziga aylandi?
Bu savollarning javoblari uning she’rlari va xotiralarida, o‘quvchi yuragini kutayotgan qon tomirlari kabi qotib qolgan. Ushbu maqolada biz ulardan ba’zilarini yoritib beramiz.
**Qo‘ng‘irtov etagidan parvoz qilgan lochin**
1941-yil 21-martda Qashqadaryoning Koson tumani, Neko‘z qishlog‘ida jamoa xo‘jaligi raisi Orifboy Ubaydulla o‘g‘li xonadonida kenja farzand dunyoga keldi. U ochiq kengliklarda, tabiatning shafqatsiz va ayni paytda go‘zal qonuniyatlari ichida ulg‘aydi. Shoirning o‘zi e’tirof etganidek: “Men yovvoyiroq o‘sgan meva daraxtiga o‘xshayman. Issiqxonada o‘smaganman … Sharoit taqozo qilmagan”.
1958-yilda maktabni oltin medal bilan tamomlab, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetining jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirgan yigit poytaxt adabiy muhitini shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolmadi. O‘sha davr adabiyotida qoliplangan, balandparvoz va hissiyotsiz she’rlar hukmron edi. Mafkuraga bo‘ysunib yozilgan she’rlar esa qanotsiz qushchalarga o‘xshardi.
Barmoq bilan sanarli yirik romanlar va faqat G‘afur G‘ulom yoki Hamid Olimjon kabi ustozlarning bir-ikkita she’rlarigina namuna sifatida o‘qitilayotgan, qoliplangan muhit hukmron o‘zbek adabiyotiga 1965-yilda kutilmaganda “Mitti yulduz” urildi.
Xalq o‘z dardini aytgan yoki uning ko‘ksida nimanidir uyg‘otgan asarni, albatta qadrlaydi, qo‘llaydi. O‘quvchilar ham shu turtkini qashqadaryolik yosh shoir she'rlaridan olishdi.
Bulutlarga yondosh, osmon ostida,
Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz.
Qilichning damiday arqon ustida,
Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz.
Odamlar, odamlar, uni olqishlang,
Qarang, u naqadar epchil va o‘ktam,
Biz-chi, eh.. ba’zi bir ko‘zi ochiqlar
Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham!
Adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov bu iste’dodni birinchilardan bo‘lib ilg‘adi va unga oq yo‘l berdi. Shoir o‘z yo‘lida Abdulla Qahhor, Mirtemir, Shayxzoda, Oybek kabi ulkan zotlardan saboq oldi. Oybek domla uni uyiga chorlab, Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik uchun tavsiyanomani o‘z qo‘li bilan tutqazdi.
Albatta, bularning hammasi bunchalik silliq va tez kechmadi...
**Sakkiz qator bomba**
Aytganimdek, yosh, iste’dodli va o‘tli shoir qadamba-qadam cho‘qqiga ko‘tarilar ekan, xavf ham ortib bordi. Yuqorida bo‘lish chaqmoqlarni o‘ziga tortmay qolmadi. 60-yillarning oxiriga kelib, “yoshlarni tarbiyalash” niqobi ostida kuchli tazyiqlar boshlandi.
1967-yil 20-avgustda Abdulla Oripov o‘zi bilan bir maktabda o‘qigan, hamqishlog‘i Hanifa Mustafoyeva bilan turmush quradi. To‘yda Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayevlar ishtirok etadi. Shu to‘yda Erkin Vohidov o‘z g‘azalini, Abdulla Oripov esa “Yozajakman” she’rini o‘qigani uchun qattiq nazoratga olinadi.
Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni
Shu loyqa hovuzcha tomon otdilar.
Tashlandiq ushoq yeb o’tadi kuni,
Xor-u xas, xazonlar ustin yopdilar.
Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha
Va mudroq tollarning achchiq xazoni.
Menga alam qilar, tilla baliqcha
Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni…
Shoir qaysi mavzuga qo‘l urmasin, uning she’rlaridan siyosiy xato axtarish, sirtmoq to‘qish boshlandi. Masalan, yuqoridagi “Tilla baliqcha” she’ridagi loyqa hovuz obrazini sovet tuzumiga qilingan ishora deb qabul qilishdi. Undan ham avvalroq qistirib o‘tganim, “Dorboz” she‘ridagi “ko‘zi ochiqlar eplab yurolmaydi katta yo‘lda ham” degan misralar orqali sotsialistik jamiyatga tuhmat qilinmoqda, degan ayblovlar qo‘yildi.
Shoir o‘zi aytganidek, bular siyosiy ayblov. Siyosiy ayblov qo‘yilganlar esa yo otilib, yo qamalib yo‘qotib yuborilardi.
Ming yillarkim bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha,
Ammo sho‘rlik to‘tining holi,
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she’rga solaman,
Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
Eng dahshatli hujum esa mana shu “Ona tilimga” she’ri chop etilganda yuz berdi. Ijodkorning o‘zi buni “sakkiz qatorlik she‘rim boshimga sakkizta bomba bo‘lib yog‘ilgandi” deya eslaydi. Xullas, hammasi tayyor, ayblov bor, g‘arazgo‘ylar yetarli, endi qatl qolgandi, xolos.
Shunday bir vaziyatda keskin burilish yuz berdi. Moskvadagi seminar vaqtida shoir balqor shoiri Qaysin Quliyev guruhiga tushadi. Vaziyatdan xabar topgan Quliyev vositachiligida mashhur rus shoiri Aleksandr Tvardovskiy o‘zining liberal qarashlari bilan tanilgan “Noviy mir” jurnalida Abdulla Oripovning bir nechta she’rlarini e’lon qilib yuboradi. Bu xalqaro e’tirof Toshkentdagi qora niyatli kimsalarning qo‘lini bog‘lab qo‘yadi va shoir qamoqdan omon qoladi. Ular Moskvadan hayiqishgan edi.
Tahdidlar faqat ma’naviy emas, jismoniy tus ham olgandi. 1970-yili, shoirning qizi Shoira hali bir yoshga to‘lmagan paytda, ularning balkoni rayhon ekilgan tuvagi yoniga tunda kuchli zaharli moddalar — chiroyli qizil va sariq dorilar ko‘rinishida sochib ketiladi. Zahar Kimyo institutida tekshirilganda, uning xavfli ekani tasdiqlanadi. Kichik go‘dakning og‘ziga tushishi mumkin bo‘lgan bu dorilar orqali suiqasdni anglagan ota qanday ruhiy azoblarni boshidan kechirganini tasavvur qilish qiyin emas.
Deydilar it hurur — o‘tadi karvon,
Ranj-u balolardan yonmasin joning,
Lekin alam qilar bir umr giryon
Itlar orasidan o‘tsa karvoning.
**Dantening do‘zaxi va Navro‘z fojiasi**
1970-yillarda Abdulla Oripov jahon adabiyoti durdonalaridan biri — Dante Aligyerining “Ilohiy komediya” asarining “Do‘zax” qismini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Bu jarayon shoir ruhiyatiga qattiq ta’sir qilib, u tushlarida qo‘liga ketmon ushlab, qabrlarni kavlab, odam suyaklari va kallalari bilan suhbatlashib chiqqanlarini eslaydi. Ushbu og‘ir ruhiy va ijodiy mehnat natijasida shoirda “Jannatga yo‘l” (1978) dramatik dostonini yozish g‘oyasi ham tug‘iladi. Bu doston ham osonlikcha bosilmadi, uni sovet voqeligini buzib ko‘rsatishda ayblashdi, faqat maxsus komissiyaning aralashuvidan so‘nggina asar omon qoldi.
1988-1989-yillar O‘zbekistonda milliy qadriyatlarga qilingan eng qora hujumlar davri bo‘ldi. O‘zbek tili taqiqqa uchrab, Navro‘z bayrami bekor qilindi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, qozonda qaynayotgan sumalaklarga tuproq tortildi, sunnat to‘ylari taqiqlandi va hatto janoza o‘qish o‘rniga marhumlarni musiqa va doklad bilan ko‘mish joriy etildi.
Shunday og‘ir bir paytda matbuotda Abdulla Oripov nomidan “Salom, bahor!” sarlavhasi ostida Navro‘zga qarshi soxta maqola e’lon qilinadi. Haqiqatda buni u yozmagan edi, lekin uni chaqirtirib, nomidan chiqqanini tasdiqlashga majbur qilishadi. Shoir uch nafar akasi va oilasining xavf ostida qolishidan cho‘chib tishini tishiga qo‘yib bunga ham chidaydi.
Sen bizni kechirgin ey, Navro‘zimiz,
G‘aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Sho‘r paxta bosamiz endi o‘zimiz.
**Mangu madhiya va so‘nggi izolyatsiya**
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan tarixiy kunlarda, Abdulla Oripov voqealar markazida edi. Hatto o‘sha mustaqillik e’lon qilingan majlisga ketayotganda ham bir qadar ikkilanish bilan “shoirning cho‘ntagida bitta yangi she’ri bo‘lmasa, shoirligi bekor” deb, kechasi bilan uxlamay she’r yozib olib boradi.
Adolatning hayotbaxsh shamollari yeldimi,
Haq nihoyat xalqimning arzin qabul qildimi.
Necha yillar orziqib kutgan kunlar keldimi,
Yelkamizga oftobning tekkanligi rost bo‘lsin,
O‘zbekni o‘z niholin ekkanligi rost bo‘lsin...
Shoirning yana bir tarixiy desa arzigulik xizmati Davlat madhiyasi matnini yozishi bo‘ldi. U tanlovda anonimlikni saqlash uchun “Qo‘ng‘irtovliq” taxallusi ostida ishtirok etadi. Qariyb ikki yil davom etgan uch bosqichli tanlovda uning she’rlari g‘olib chiqdi. Bastakor Mutal Burhonov bilan birgalikda so‘z va ohangni go‘zal birlashtirishadi. 1992-yil 10-dekabrda madhiya matni qabul qilindi.
Abdulla Oripov xalq shoiri bo‘ldi, bir qator ordenlar, 1998-yilda “O‘zbekiston qahramoni” unvonini, 2015 yilda “Italiya yulduzi” va xalqaro “Oltin yulduz” ordenlarini oldi. Biroq...
Bir qarasam, bu dunyoda baxtim borday,
Bir qarasam, butkul olam menga torday.
Bir qarasam, murodimga yetgandayman,
Bir qarasam, ko‘zim ochiq ketgandayman...
Shoirning so‘nggi yillari ham sokin va xotirjam kechmadi. Umrining oxirgi yetti yilini u go‘yoki “uy qamog‘i” holatida o‘tkazdi. Barcha rasmiy matbuot, televideniye va radiodan uzib qo‘yildi. Oripov shogirdlari va yaqinlariga ham “menga yaqin yurma, qoram senga ham yuqadi” deya hazil aralash kinoyalar qilib turardi. Aslida ham, tinglovchidan uzilib qolishdan-da yomonroq holat bo‘lmasa kerak shoir uchun.
Shunda ham zamon zayli bilan internet orqali Oripovning she’rlari chiqib turdi. Quyida uning eng so‘nggi, AQSHning Hyuston shahrida yozilgan she'ridan parcha keltirilgan:
Har bir uyda aygʻoqchi,
Har qadamda iskovich,
Odamni koʻrsa qochar,
Bedovlaring hurkovich.
Oshingga zahar soldi,
Gʻanimlaring bir hovuch,
Yovuzlarning qoʻlida
Gulday vatanim qoldi,
Boshida panohi yoʻq
Tulday vatanim qoldi...
Darvoqe, shoir salomatligi yomonlashgach, Hyuston shahriga davolanish uchun ketishga majbur bo‘ladi. Vatandan yiroqda bo‘lsa-da, qalbi hamisha O‘zbekiston bilan urib turar, biroq holati og‘irlashib borardi. 2016-yil 5-noyabr kuni 75 yoshida uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng shoir vatandan uzoqda yorug‘ olamni tark etdi. U hukumat qarori bilan Toshkentdagi “Chig‘atoy” qabristoniga dafn qilindi...
Abdulla Oripov haqiqiy xalq dardini aytgan, ommani xalq qilishga uringan o‘tli shoir edi:
Mashrab osilganda qayoqda eding?
Cho‘lpon otilganda qayoqda eding?
Surishtirganmiding Qodiriyni yo
Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?
Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.
Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?
Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan?
Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,
Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!

